24 Dekabr 2024 Yil 1396

Bolalarga quvonch ulashildi

Yurtimizda bayram shukuhi. Kattayu kichik go‘zal orzu-umid, yaxshi niyatlar bilan orziqib kutib oluvchi Yangi yil kelmoqda. Ayniqsa, bolajonlar bu bayramni o‘zgacha intiqlik va qiziqish bilan kutishadi. Har bayramda bo‘lgani kabi bu tantana Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan ham o‘tkaziladi. Bunga kuni kecha Toshkent shahar Bosh boshqarmasi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati tomonidan bolalar uchun tashkillashtirilgan bayram tadbirlari misol. Tantanaga yurtimizda jinoyatchilikka qarshi kurash, tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash yo‘lida o‘z jonlarini qurbon qilgan, burchlarini bajarish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan xodimlarning farzandlari taklif etildi. Onalari, yaqinlari bilan tashrif buyurgan bolajonlarni Bosh boshqarma rahbariyati kelayotgan yangi yil bilan samimiy tabriklab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovg‘alari topshirildi. Bayram tadbirlari “O‘zbekiston xalqaro anjumanlar saroyi”da tashkillashtirilgan “Prezident archasi”da davom ettirildi. Bolalar saroyda namoyish etilgan ertak tomoshalarida bevosita qatnashib, sho‘x o‘yin-kulgularga boy tadbirlardan olam-olam quvonch olishdi. Bu baxtiyorlik, quvonch va unutilmas taassurotlari yil davomida ularga hamroh bo‘lib, yaxshi o‘qish, otalariga munosib farzand bo‘lishga undashi shubhasiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech