Sevaraning ichki ishlarda organlarida faoliyat boshlaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. U 2023 yili O‘zbekiston respublikasi Huquqni muhofaza qilish Akademiyasini tamomlab, shu kungacha poytaxtning Mirobod tumani IIO FMB voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologi lavozimida ishlab kelmoqda. Unga biriktirilgan hududda 3 ta umumta’lim maktabi bor. Maktab ma’muriyati, o‘qituvchilar tarkibi bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. O‘quvchilarning bilim olishlari, o‘z kelajak yo‘llarini to‘g‘ri tanlashlari uchun birgalikda kelishib harakat qilinmoqda.
– Bolalar bilan ishlash qiyin ekan, – deydi o‘z faoliyati haqida gapirarkan leytenant Sevara Salimova. – O‘quvchilar orasida qaysar, urushqoq, o‘qishni istamaydigan - bir so‘z bilan aytganda, muammoli, tarbiyasi og‘ir bolalar ham yo‘q emas. Bundaylar bilan muntazam ravishda suhbatlar, tushuntirish ishlari olib boriladi. Mahalla yettiligi, ayniqsa yoshlar yetakchisi bilan hamkorlikda tadbir ishlab chiqilib birgalikda o‘smirni to‘g‘ri yo‘lga solish choralari ko‘riladi. Afsuski, bundaylar nafaqat o‘g‘il bolalar, balki qiz bolalar orasida ham uchramoqda. Shundaylardan biri maktablardan birining yuqori sinf o‘quvchisi – keling, shartli ravishda Dilobar deylik – surunkali darslarni qoldira boshladi. Tushuntirish ishlari, suhbatlar natija bermadi. Yashash sharoitlarini o‘rganishga kirishdik. Bir necha yillar oldin ota-onasi ajrashgan, onasi pul topish maqsadida qizini ko‘zlari ojiz, bemor buviga topshirib, xorijga ishlagani ketgan ekan. Qiz onasi jo‘natayotgan pullardan tashqari, buvisining nafaqasini turli aldovlar bilan olib, ko‘chada orttirgan shubhali “do‘stlari”bilan o‘yin-kulgu, keraksiz narsalarga sarflab kelayotgani aniqlandi. Onasini chaqirtirdik. Avvaliga ayol turli vajlar bahonasida kelishni istamadi. Bu ketishda qizining taqdiri xunuk tugashi haqida tushuntirildi. Kelgach angladikki, onasi allaqachon qiziga ta’sirini yo‘qotgan, nafaqat ta’sirini qizini ham farzand sifatida yo‘qotib bo‘lgan ekan. Shundan so‘ng o‘smirning oilasi bilan hamkorlikda ish olib borildi.
Lavhamiz qahramoni leytenant Sevara Salimovaning hali o‘zi yosh, katta tajribaga ega bo‘lmaganligiga qaramay, farzand tarbiyasida ota-onaning roli o‘ta muhim ekanligiga alohida urg‘u beradi. Bolalarga avvalo mehr berish kerak, tarbiya berish kerakligini, o‘z xulq-atvori, tarbiyasi, madaniyati bilan o‘rnak bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. O‘quvchilar bilan ishlar ekan, ularning barkamol voyaga yetishlari, yurtimizning munosib farzandlari bo‘lib kamol topishlari yo‘lidagi ezgu ishlarga ozgina bo‘lsa-da hissa qo‘shayotganidan faxrlanadi. Yurtimizda nishonlanadigan “Yoshlar kuni” arafasida o‘z tengdoshlariga jamiyatda faol va tashabbuskor bo‘lishlarini, bilim olishga har qanday sharoitda vaqt va imkon topishlarini tilaydi.