Yurtimizda Yangi yil shukuhi davom etmoqda. Poytaxt IIBB shaxsiy tarkibi shahrimiz fuqarolarining bayramni tinch-osoyishta o‘tkazishi, bayram tantanalaridan ko‘ngildagidek bahra olishlarini ta’minlash uchun tunu kun xizmatda. Bosh boshqarma JTSB bo‘linmalari PPX brigadasi uchinchi otradining bir guruh xodimlari O‘rta Osiyo meditsina-pediatriya instituti hududi yaqinida joylashgan savdo majmuasida jamoat tartibini saqlash xizmatiga jalb etilgan. Ular orasida guruh komandiri, katta serjant Shavkatjon Nazarov ham xizmat olib borilishini nazorat qilmoqda. Xodimlar diqqat-e’tibor bilan fuqarolarning harakatlanishini kuzatar ekan, yon-atrofda shubhali, qarovsiz qoldirilgan buyumlar, shubhali shaxslarni aniqlab, ularni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida o‘ta hushor va sergak. Shavkatjon hamkasblarining odamlar gavjum bo‘lgan nuqtalarda xizmat vazifalarini sidqidildan bajarayotganini ko‘zdan kechirarkan, kim tomondandir tushirib qoldirilgan hamonga ko‘zi tushdi. Uni yerdan ko‘tarib, ichidagi narsalarni: bir necha AQSH dollari, o‘zbek so‘mi kupuralari, nafaqa guvohnomasi va telefon raqamlari yozilgan qog‘oz bo‘lagini telefoni orqali suratga oldi. Xodimlarga ratsiya orqali hamon yo‘qolgani haqida murojaat bo‘lsa, unga yo‘llashini xabar qildi. Biroq tun tushguncha ham hech kim murojaat qilmadi. Shavkatjon hamonning ichidagi nafaqa guvohnomasida qayd etilgan telefon raqamlarini terdi. Biroq qo‘ng‘iroqlari javobsiz qoldi. Keksa ayol balkim eshitmagandir, degan o‘yda tun cho‘kkaniga qaramay, ko‘rsatilgan manzil tomon yo‘l oldi. Guvohnomada ko‘rsatilgan manzilda bu ayolning yashamasligi ma’lum bo‘lgach, u yana qo‘ng‘iroq qilgandi, ayol go‘shakni ko‘tardi. Suhbatdan ma’lum bo‘ldiki, hamonning haqiqiy egasi shu ayol. Keksa ayolning: “seni ovora qilmay, ertaga o‘zim borib olaman”, deganiga qaramay, Shavkatjon ayol aytgan manzilga borib, topilmani egasiga topshirdi. Xursand bo‘lgan ayol unga “suyunchi” taklif qilganida, Shavkatjon olmay, uni yaxshi kunlariga ishlatishini tayinladi. Katta serjant Shavkatjon Nazarov 2011-yilda Respublikamiz Qurolli Kuchlar saflarida yigitlik burchini o‘tab qaytgach, Toshkent shahar IIBB Shayxontohur tumani IIBDA safdor, militsioner-haydovchilikdan ish boshlagan. Ustozi katta serjant Farhod Bozorboyevdan kasbining juda ko‘p qirralarini o‘rgandi. Ustozi tumandagi har bir mahalla, har bir ko‘cha, unda joylashgan inshootlar, ishxonayu idoralarni tunda chiroqsiz adashmay topib borish kerakligini uqtirardi. Ustozining maslahatiga amal qilgan Shavkatjon O‘zbekiston IIV Akademiyasi serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslariga o‘qishga kirdi. Ayni paytda Shavkatjon Toshkent shahar IIBB JTSB bo‘linmalari saf bo‘linmalari Patrul-post xizmati brigadasi 3-otrad guruhi komandiri lavozimida ishlab kelmoqda. Otrad komandiri, podpolkovnik Nodir Zokirovni o‘zining nafaqat kasb, balki hayot yo‘lining ustozi deb biladi. Fidoyi va sidqidildan mehnatlari tufayli rahbariyat tomonidan bir necha bor rag‘batlantirilgan. Otasi Murodjon aka va onasi Gulbahor opaning farzandlariga halollik va poklik, to‘g‘rilik va yaxshilik, mehnatsevarlik kabi tuyg‘ularni singdirib voyaga yetkazgani kabi Shavkatjon ham turmush o‘rtog‘i Shahnozaxon bilan ikki voyaga yetmagan farzandlarini o‘zlari kabi halol, mehnatsevar, kamtar, barkamol insonlar bo‘lib yetishishi yo‘lida tarbiyalab kelishmoqda. Ha, aytgandek, hamonning egasi Tatyana Vasilyevna kecha Shavkatjonni qidirib hamonini yo‘qotgan savdo majmuasiga borib u yerda xizmat o‘tayotgan xodimlardan Shavkatjonni so‘rabdi. Ularni Yangi yil bilan yana bir bor samimiy tabrikladi. Bundan hamkasblarning kayfiyatlari chog‘ bo‘lgani, shubhasiz. Birgina halol qadamning aks sadosi ko‘pchilikka quvonch ulashishi naqadar quvonchli, shunga aytsalar kerak-da: “Birniki mingga, mingniki tumanga”, deb.