Eʼtiqodi mustahkam odam o‘zganing xatosini ko‘rsa to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishga harakat qiladi. Bu odamiylikning yuksak nishonasidan dalolat. Asli nopok, qalbi chirkin odam esa egri yo‘lning o‘rtasiga tushib, yetaklashib jahannam sari birgalikda qadam tashlaydi. Poytaxtimiz tumanlarining birida masʼuliyati cheklangan jamiyatga qarashli yonilg‘i quyish faoliyati bilan shug‘ullunuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari lavozimida ishlab kelayotgan Muhammadjon topar-tutaridan qoniqmay, pullarni ko‘paytirish maqsadida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqni niyat qildi. Boshida yonilg‘i sotuvidan tushgan pullardan 7-8 million olib, ulgurji shakar xarid qilib, uni do‘konlarga o‘tkazish orqali 5-6 million so‘m foyda ko‘ra boshladi. Peshona teri bilan topilmayotgan pullardan havolangan Muhammadjon onlayn qimor o‘yiniga ruju qo‘ydi. Katta o‘lja ilinjida bo‘lgan Muhammadjonga katta pul kerak bo‘la boshladi. U yonilg‘i sotuvidan tushayotgan pullarni har safar o‘yinda yutsa o‘rniga qo‘yish fikrida o‘zlashtira boshladi. Ammo negadir har safar omadi chopmas, pullar olinar lekin joyiga qaytarilmas edi. Bu o‘g‘irliklarni shaxobcha operatori Adham sezib qoldi va surbetlarcha “dolya” talab qila boshladi, yo‘qsa sirini oshkor qilishini aytib, po‘pisa qildi. Muhammadjon unga onlayn qimor o‘yiniga adashib kirib qolgani, hozir ancha hadisini olib “siriga” tushunayotgani, hademay katta yutuqni qo‘lga kiritishi, o‘shanda hamma pullarni joyiga qo‘yishini aytdi. Adhamga o‘yin shartlari va qoidalarini tushuntirganida, garchi u Muhammadjondan besh yosh katta bo‘lishiga qaramay, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish o‘rniga u ham yirik boylik vasvasasiga uchib, qiziqib qoldi va bu onlayn-qimorga qo‘shildi. Shu-shu har ikkisi tortinmay yonilg‘i sotuvidan tushayotgan pullardan o‘z cho‘ntagiga qo‘l tiqqandek olib o‘yinga tika boshlashdi. “Ana yutaman, mana yutaman”, deb turganlarida to‘satdan shahar soliq xizmati tomonidan shaxobchada taftish o‘tkazildi. Tekshiruvlarda 2022 yil 5 sentyabridan 2023 yil 31 mayigacha 2.323.054.900 so‘m miqdordagi pul mablag‘lari talon-taroj qilinganligi aniqlandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi ochiq sud majlisida 1999 yilda tug‘ilgan M.Muhammadjon va 1995 yilda tug‘ilgan A.Adhamning jinoiy ishlarini qonunan ko‘rib chiqib, ularni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish”) bilan aybli deb topdi. Sud hayʼati jazo tayinlashdi aybdorlarning muqaddam sudlanmaganligi, yashash manzillarida har ikkisining ijobiy tavsiflanishi, chin dildan pushaymonligini eʼtiborga olishdi. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 45-moddasini (“Muayyan huquqdan mahrum qilish”) qo‘llab, bir yil muddatga rahbarlik va moddiy javobgarlik vazifalari yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish bilan ish haqining 20 foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda hamtovoqlar 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilindi.
Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari bilan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi, kapitan Ahrorbek Maʼrufaliyev tanishtirdi.