7 Noyabr 2024 Yil 465

“Bir yigitning aslin bilay desangiz...”

Sardorbek ijtimoiy tarmoqlar orqali Yaxshigina ish topdi. Axir 18 yoshga to‘lgan  yigitchani shahardagi nomi chiqqan masʼuliyati cheklangan jamiyatga ishchi qilib olishadi-yu quvonmasinmi? Korxona rahbarining o‘zi u bilan suhbatlashib, yaxshi oila farzandi ekanligiga, vijdonli va to‘g‘riligiga amin bo‘ldi. Ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi. Sardorbek sidqidildan ishlay boshladi. Ishi og‘ir emas, hech kim bosim ham o‘tkazmaydi. Bilib-bilib ishini qiladi, maoshi ham tuzukkina. Yoshi kattalarning uncha-muncha xizmatlarini og‘rinmay bajarib, tez orada korxonada hurmat qozondi. Ayrimlar “kiroyi o‘g‘ling bo‘lsa, shunday bo‘lsa-da” deya  havas bilan ortidan qarab qolishardi. Qo‘l-oyog‘i chaqqon, halol, ishchan, diyonatli yigit rahbariyatning ham eʼtiboriga tushdi. 2022 yilning avgustida ish boshlagan qahramonimiz xushmuomalaligi, serg‘ayrat va mehnatkashligi bois bir yil ham o‘tmay 2023 yilning may oyida sotuv bo‘limi rahbari – menejer bo‘lib tayinlandi. Shu-shu maqtagan  yigitimiz bosar-tusarini bilmay qoldi. Mazkur korxonaning mahsulotlari xaridorgir va mijozlari ko‘pligi, mahsulotlarning “xo‘jayiniga” (xohlasa mahsulotlarni beradi, xohlamasa “yo‘q” deydi) aylangan Sardorbek bu vaziyatdan foydalanib qolishni rejalashtirdi. Bir-ikki safar mijozlarni aldab mahsulot narxini atay oshirib sotdi. Bu rahbarning qulog‘iga yetib bordi. Rahbarlik faqat ishni tashkil etishi, mahsulotlar sifati va taʼminoti bilan shug‘ullanish emasligi, qo‘l ostidagi ishchi-xodimlarning tarbiyasiga ham masʼulligini anglagan korxona rahbari Sardorbekning yoshligini hisobga olib uning otasini suhbatga chaqirdi. Vaziyatni tushuntirdi, birgalikda Sardorbekni tarbiyalashga kelishildi. Otasi o‘g‘lini nazorat qilishni bo‘yniga oldi. Ko‘p o‘tmay  jamiyat rahbari yangi shartnomalar tuzish maqsadida xorijga yo‘l oldi. Sardorbek buni o‘zicha tushundi – korxonaning soyadagi  xo‘jayini his qildi shekilli o‘zini – va mijozlar mahsulot uchun to‘lagan va o‘tkazgan pullarni korxona hisob-raqamiga kirim qilmay, yetmaganiga ularni qarzdorlar kitobiga kiritib, o‘z ehtiyojlariga ishlata boshladi. O‘rtoqlarini qimmat restoranlarga taklif qildi, qimmat uyali telefon sotib oldi va boshqa ko‘ngilochar maskanlar, tungi klublarga tez-tez tashrif buyuradigan bo‘ldi. Ota-onasiga esa ish ko‘payib ketganligi, viloyatlardan keladigan mijozlarni kutib qolganligi va boshqa bahonalar bilan aldab keldi. Rahbar safardan qaytgani hamon hisob-kitobga qiziqdi. Sardorbek uyalmay-netmay mahsulotlarga hech kim qiziqmayotgani, mijozlar boshqa korxonalarning mahsulotlarini xarid qilayotgani, olayotganlari ham qarzga olayotganini aytib qarz kitobini olib kelib ko‘rsatdi. Rahbar qarzdorlarga qo‘ng‘iroq qilib bu haqda so‘raganida, ular tabiiyki, mahsulotlarga ortig‘i bilan  pul to‘laganlarini, pulini to‘lab ham molini olib ketolmayotgani, uzoq vaqt navbatda kutib qolayotganlarini eshitgan rahbarning holatini o‘zingiz tasavvur qilavering. Maqtagan menejerimiz iyun oyidan noyabr oyigacha mijozlarning 475.168.000 so‘m pullarini yeb-ichib, kayfu safo qilib, o‘ngga-chapga bebiliska ishlatib yuborgani maʼlum bo‘ldi.

— Sardorbek o‘rtoqlari oldida maqtanish istagida bo‘lar-bo‘lmas narsalar, kerak-keraksiz buyumlarga pul sarf qilib, oxirini o‘ylamaganligi oqibatida, ota-onasini ham uyatga qo‘ydi, ham moddiy ahvolini og‘irlashtirdi,– deydi Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan Shoxruh Isayev. – Farzandi ekan, ota-onasi uning kamomadini to‘lab, yengilroq jazo berishni iltimos qilishdi suddan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 2004 yilda tug‘ilgan Sardorbekning qilmishini ko‘rib chiqib, uni qilmishidan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish”) bilan aybli deb topib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 yilga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi. 


Barcha yangiliklar

Text to speech