Nurgali Tashimov Yashnobod tumani ichki ishlar organlarida ish boshlashdan avval poytaxtimizning Aviasozlar kasb-hunar kollejida yoshlarga taʼlim berib keldi. Yoshlar bilan tezda til topishib, oʻqituvchi-pedagoglar va oʻquvchilarning hurmatini qozondi. Uch yildan ortiqroq pedagoglik tajribasi bilan 2012-yilda Yashnobod tumani IIO FMB profilaktika inspektori lavozimida ish boshladi. Podpolkovniklar, boʻlim boshligʻi Oʻtkir Gulmatov, katta inspektor Ulugʻbek Badalovdan oʻquvchi singari sohaning sir-asrorlarini qunt bilan oʻrgandi. Aholisi besh mingdan ortiqni tashkil etgan tumanning “Vatandosh” mahallasiga biriktirilgan Nurgali mahalla ahlining tinchlik-osoyishtaligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olishda ustozlaridan oʻrgangan ish uslublaridan samarali foydalandi. Mahalla faollari, mutasaddi tashkilotlar, homiylarning boshini biriktirib, mahalla ahlining yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, bandligini taʼminlash, yoshlarni turli toʻgaraklarga jalb etish, mahallada jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish ishlariga yoʻnaltirdi. Bu boradagi targʻibot ishlarining koʻlamini jadallashtirdi.Yildan yilga tajribasi ortib, oʻzi ham shogirdlar yetishtira boshladi. Bugungi kunda mayor Nurgali Tashimov poytaxtimizning Yashnobod tumani IIO FMB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarning oldini olish boʻlinmasi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritmoqda. Uning ushbu sohada faoliyat yuritayotganiga koʻp boʻlgani yoʻq. Biroq ish koʻrsatkichlari haqida ijobiy fikrlar bildirish mumkin. Maʼlumki, bugungi axborot texnologiyalarining hayotimizga shiddat bilan kirib kelishi, aksariyat sohalarning raqamlashtirilishi bilan qator muammolar ham paydo boʻlmoqda. Fuqarolarning kiberxavfsizligini taʼminlash, kibergigiyena tizimini yaratish uchun doimo izlanish, fan-texnika imkoniyatlarini rivojlantirish talab etilmoqda. Hikoyamiz qahramoni Nurgali ham mazkur xizmatda faoliyat yuritar ekan, yangi turdagi jinoyatlarni ochish uchun yangi kurash uslublarini ishlab chiqish, buning uchun esa dunyo tajribalarini muntazam oʻrganib borish lozimligini taʼkidlaydi.
– Har bir shaxs, ayniqsa yoshlarimizda bu sohadagi jinoyatlarga qarshi immunitetni shakllantirish lozim, – deydi mayor Nurgali Tashimov. – Biz xodimlar kiberjinoyatchilardan bir qadam emas, balki bir necha qadam oldinda yurishimiz kerak. Bu birinchidan, kiberjinoyatchilikning oldini olish, ikkinchidan, ularning keng tarqalishiga barham berish, uchinchidan tezkor aniqlab, jinoyatga jazo muqarrarligini taʼminlash imkonini beradi. Shuni ham taʼkidlash joizki, bugungi kunda internet tarmoqlarida turli havolalar, veb-saytlar koʻpayib, kontentlar koʻp hollarda toʻsiqsiz berib borilmoqda. Hali ongi shakllanmagan yoshlarning oʻziga kerakli, foydali boʻlgan axborotlarni saralab olishga oʻrgatish, kibergigiyena tizimini shakllantirish oʻta muhimdir. Nurgali Tashimov faoliyat olib borayotgan soha aynan kiberjinoyatlarning oldini olish, internet foydalanuvchilarini himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish kabilarni amalga oshirib kelmoqda. Himoyalanishning asosi esa hushyorlik va bu boradagi bilimlarni kuchaytirishdir.