Bektemir tumani IIO FMBga ariza bilan murojaat qilgan 2005 yilda tug‘ilgan M.Asilbek o‘z tanishi tomonidan 6 000 000 so‘mlik “Redmi Note 11 PRO” uyali telefonidan ayrilganini ma'lum qildi. Uning bayon qilishicha, 2023 yilning 18 aprel kuni u tanishi 1990 yilda tug‘ilgan S.Davronbekni uchratib qoladi. Bir oz suhbatlashib turgach, Davronbek uning qo‘lidagi telefonini ko‘rib, zarur qo‘ng‘iroq qilish uchun so‘raydi. Qo‘liga 30 000 so‘m berib, yaqinroqdagi do‘kondan yaxna ichimlik olib kelishga yuboradi. Asilbek do‘kondan qaytgach, uni topa olmaydi.
— Xuddi shu kunning o‘zida soat 20.00 larga yaqin S.Davronbek tumandagi Toshkent yo‘li ko‘chasida X.Baxtiyor tomonidan qarovsiz qoldirilgan elektroskuterdan narxi 2 000 000 so‘m bo‘lgan “Redmi Note 9” telefonini o‘g‘irlab voqea joyidan yashirinadi, – deydi Bektemir tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Tohir Usmonov. – Jabrlanuvchining tezkorlik bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilishi natijasida Davronbek uyali telefonlarni sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Muqaddam o‘g‘irlik jinoyati sodir qilib sudlangan Davronbek qilmishlarini tan oldi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi ochiq sud majlisida S.Davronbekning qilmishini ko‘rib chiqdi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (“Firibgarlik”) va 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybli deb topdi. Uning pushaymonligi, yetkazilgan zararni qoplaganligi, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 1 yil axloq tuzatish ishlari tayinlandi. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tashlik uchun unga 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.