18 Iyun 2024 Yil 637

Bilsa –hazil, bilmasa-chi...

        Poytaxtimiz juda go‘zal. Hatto qish faslida ham. Shahri azimni shunchaki aylanib, diqqatga sazovor joylarini tomosha qilish uchun nafaqat xorijdan, balki boshqa viloyatlardan ham ko‘plab mehmonlar kelishadi. Islom bilan Jumaboy ham Toshkent shahrini aylanish uchun tashrif buyurgan mehmonlardan. O‘tgan yilning dekabrida poytaxtni aylangani, shu bahona yangi kinofilmlarni tomosha qilgani kelgan ikki do‘st shomgacha shahar aylanib, horib-tolib mehmonxonaga qaytishdi. Eshikni ham qulflamay uyquga ketishdi. Tongda uyg‘ongan Islom yostig‘i tagiga qo‘ygan  “Samsung 9 A” telefonini topa olmay o‘rtog‘i Jumaboyni uyg‘otdi. 


      – O‘rtoq hazillashma, telefonimni qaytar, uyga qo‘ng‘iroq qilmoqchiman, – dedi Islom.


      – Nimalar deyapsan, o‘sha uxlaganim bo‘yicha endi ko‘zimni ochdim-ku! Uyg‘otmasang, haliyam uxlagan bo‘lardim.  To‘xta, hozir  telefoninga qo‘ng‘iroq qilaman.


      Jumaboy telefonini qidira boshladi. Ammo uning ham telefoni yo‘q edi.  Ular Chilonzor tumani ichki ishlar idoralariga  telefon o‘g‘irligi bo‘yicha murojaat qilishdi.  Bu vaqtda ularning telefonini o‘g‘irlagan Rustam  allaqachon telefonlardan birini 1 million 600 so‘mga sotib yuborgandi.


         Chilonzor tumani ichki ishlar organi xodimlari uchun Rustamning iziga tushish qiyin kechmadi. Tergov jarayonida Rustam tungi soat 01.30da mehmonxonaga kirib, eshikning qulflanmaganligidan foydalanib ichkariga yo‘l oladi. Ikki yigitning qattiq uyquda yotganligidan foydalanib uyali telefonlarini o‘g‘irlaydi.


         – Tergovda Rustam Toshkentga ish qidirib kelganligini, Mehmonxonaga joylashmoqchi bo‘lib u yerda maʼmuriyatdan hech kimni topa olmay, xonalarni ko‘zdan kechirayotganida ko‘zi uxlab yotgan ikki yigitlarga tushganini, hazillashib telefonlarini olib qo‘yganligini aytib, o‘zini oqlashga urindi, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Kamoliddin Narziyev. – Hazillashgan odam ertami kechmi olgan narsalarini qaytaradi, nomaʼlum shaxslarga sotib yubormaydi. Ikkinchidan, mutlaqo tanish bo‘lmagan shaxslar bilan  qanday hazillashish mumkin. Tergov jarayonida Rustam ilgari ikki marta o‘g‘irlik jinoyati uchun sudlanganligi aniqlangan.


Rustamning qilmishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (“O‘g‘irlik”) bilan malakalanib, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sudga yuborildi.


         Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi tomonidan Rustamga uch yilu olti oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Zora bu vaqt ichida Rustam kim bilan qanday hazillashish mumkinligini tushunib olsa.

Barcha yangiliklar

Text to speech