24 Sentyabr 2024 Yil 1581

Bilimli kadrlar – hal qiluvchi kuch

       Dilshod Yakubjanov O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidan qaytgach, IIV Akademiyasi Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslariga hujjatlarini topshirdi. Uzoq yillar ichki ishlar idoralarida sidqidildan xizmat qilib nafaqaga chiqqan otasi Sharifjon aka o‘g‘lining bu qarorini qo‘llab-quvvatladi. 2012 yili Oliy o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan Dilshod Toshkent viloyati Olmaliq shahar IIB shaxsiy tarkib bilan ishlash guruhi inspektori lavozimida ish boshladi. Oliy o‘quv kurslarida olgan bilimlarini amaliyotda samarali qo‘llashi, xizmatga moslashuvi ustozlari Olmaliq shahar IIB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Sanjar Qo‘chqorov,  viloyat IIB SHTBIX boshlig‘ining 1-o‘rinbosari, podpolkovnik Mansur Murodimovlarning yordamida oson va yana-da samarali bo‘ldi. Mazkur dargohda besh yil ishlagan xodim keyinchalik Bekobod tumani, Toshkent shahar iibb jazoni ijro etish koloniyasida xizmatni davom ettirib, 2021 yildan poytaxt Sergeli tumani  IIO FMB kadrlar bilan taʼminlash guruhi katta inspektori, katta leytenant unvonida hozirgi kunga qadar xizmatni davom ettirib kelmoqda. Xizmati davomida o‘z ustida ko‘proq ishlashi, bilimlarini chuqurlashtirishi lozimligini anglab, shuningdek,  ofitser bo‘lish istagida Dilshod  IIV Akademiyasini sirtdan tamomladi.  


        Ayni vaqtda katta leytenant Dilshod Yakubjanov ichki ishlar organlarini xalq xizmatiga astoydil bel bog‘lagan, jismonan va maʼnan sog‘lom, halollik va adolatparvarlikni o‘zlariga shior bilgan munosib nomzodlar bilan jamlash, ularning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini muntazam oshirib borish, olingan bilimlarini tekshirish, ichki ishlar idoralari xodimi axloq-odob nizomiga rioya qilish kabi yo‘nalishlarni nazorat qilib keladi.


       – Bilimli, halol, madaniyatli va maʼrifatli, dunyoqarashi keng, xushmuomala xodimlar aholining ichki ishlar organlariga bo‘lgan ishonchi va obro‘sini ko‘taradi, – deydi katta leytenant Dilshod Yakubjanov – Odamlar o‘zini qanday tutishidan xodimning qandayligini bilib oladi. Shu bois xodimlarning har tomonlama shakllanishiga katta eʼtibor beriladi.


       Xodimlarning kasbiy, jismoniy, jangovar tayyorgarligi, ijobiy rag‘batlantirilishi yoki intizomiy jazolanishi o‘z xizmat vazifalarini to‘la-to‘kis bajarishda muhim o‘rin tutadi. Zotan, har bir xodimning muvaffaqiyati va kamchiliklari uning shaxsiy yig‘majildiga kiritilib u xodimning ko‘zgusi bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, mazkur jihatlar har bir xodimning mansab, unvon pog‘onalarida ko‘tarilishida o‘ziga xos mezon vazifasini bajaradi. Taʼkidlash joizki,  xodimlarni ijtimoiy-huquqiy himoyasi ham rahbariyatning doimiy eʼtiborida. Joriy yilda 3 nafar xodimga imtiyozli ravishda uy-joy olishga hujjatlar rasmiylashtirilgan bo‘lsa,  23 nafar xodimga ijara shartnomasi asosida istiqomat qilish uchun kompensatsiya to‘lovlari to‘lab berildi. O‘nlab xodimlarimizning yashash sharoitlari, oilaviy muammolari o‘rganilib, kamchiliklar bartaraf etildi. Bu kabi ishlar uzluksiz ravishda davom etib kelinadi.  Shuningdek, har bir xodimning xizmat yillarini qaydlab borish, tegishli to‘lovlarni amalga oshirish doimiy nazorat qilinib, nafaqaga chiqish, imtiyozlar berish masalalari rahbariyat bilan ijobiy hal qilinib borilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, kadrlar bilan ishlash ziyraklik, eʼtibor va katta masʼuliyat talab qiladi. Ichki ishlar idoralari xizmatining o‘ziga xos jihatlarini hisobga oladigan bo‘lsak, bu ikki karra masʼuliyat yukini orttiradi.

Barcha yangiliklar

Text to speech