Toshkentdek shahri azimda ish topish oson, yashash sharoitlari qulay, imkoniyatlar mo‘l, degan xayolda poytaxtga kelgan Xurshidbekbek ancha vaqt oshxona va qahvaxonalarda ishlab yurdi. Biroq bu mehnatni og‘ir hisoblab, yengilroq, aniqrog‘i ter to‘kmay pul topish haqida o‘ylay boshladi. Uning kallasiga kelgan mo‘may pul topish rejasi uncha-munchaning yetti uxlab tushiga ham kirmaganligini quyida uning qilmishlaridan bilish mumkin.
2023 yilning 14 oktyabrida Xurshidbek Yunusobd tumanida joylashgan Alisher Navoiy nomli kutubxonaga obuna bo‘lib, kitobxon sifatida duch kelgan kitobni olib stol atrofiga joylashdi. Kitobdagi harflarga tikilib o‘tirishdan o‘lgudek zerikkan Xurshidbek, tishini-tishiga qo‘yib sabr qilishdan boshqa chorasi yo‘qligi sabab, o‘qimay sahifalarni varaqlardi. Nihoyat, soat 16.00larga yaqin narigi seksiyada kitob mutolaasidan bo‘shamay, anchadan beri noutbukiga nimalarnidir yozayotgan Alisherning bir muddatga o‘rnini tark etganini ko‘rib, uning 230 AQSH dollarilik “ Acer “ rusumli noutbukini adapteri bilan birga o‘g‘irlab sumkasiga soldi. Pinagini buzmay kutubxonani tark etdi. Bir soatga o‘tar-o‘tmas uni 670.000 so‘mga sotib yubordi. Pulini yeb-ichib, 26 oktyabr kuni yana shu kutubxonaga keldi. Bilimlar makoniga insonlar ilm izlab kelsa, u o‘g‘irlik niyatida kelib, soat beshlarga qadar qulay fursat poylab, go‘yoki, kitob o‘qib o‘tirdi. Bir ko‘zi kitobda bir ko‘zi “o‘lja” izlagan Xurshidbek Sherzodning “NR” rusumli noutbukini nishonga oldi. 300 AQSH dollarilik noutbuk 2.800.000 so‘mga sotib yuborildi. Kutubxonadagi ilmsevarlarning ishonuvchanligi, ilm bilan ovora bo‘lib moddiy boyliklarga eʼtibor bermasligi, moddiy boyliklardan ilm yo‘lida foydalanishlarini tushunmaydigan Xurshidbek, ularning soddaligidan kulib, bu safar 30 oktyabrda Olmazor tumanida joylashgan “Turon” kutubxonasiga yo‘l oldi. Qunduzxonning berilib noutbukka nimalarnidir yozayotganini ko‘rib, uning qachon biror muddatga xonadan chiqishini kuta boshladi. Soat 17.00 larda qiz bir necha daqiqaga o‘rnini tark etganidan foydalanib, 800 AQSH dollarilik “ NR Yictus” noutbukini addapteri bilan o‘g‘irlab, sumkasiga joyladi-Yu juftakni rostladi. Nomaʼlum shaxsga to‘rt million so‘mga sotib yuboradi.
– Hali yigirmaga kirmagan, uylanmagan bu yigitning fikri o‘qish, kasb-kor egallash, yurtimizga, ota-onasiga olqish olib keladigan ishlarni amalga oshirish emas, qanday yo‘llar bilan birovlarning mol-mulkini o‘g‘irlash, belini bukmay pul topish niyatida jinoyatga qo‘l urishi achinarli holdir, – deydi Yunusobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, katta leytenant S.Ahrorov. – Mahalla-ko‘yda ota-onasining yuzini yerga qaratgan bu yigitning qilmishini oqlash qiyin. Erta-indin o‘g‘lini uylantirish maqsadida, ota-onasi kimningdir eshigini qoqsa, o‘g‘riga qiz berishni o‘ylab ko‘rsa kerak odamlar.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudi tomonidan Xurshidbek Respublika Jinoyat kodeksining 169-moddasida (“O‘g‘rilik”) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etilganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanilgan holda, uch yilga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.