17 Sentyabr 2025 Yil 384

Bilim dargohlari – tarbiya o‘chog‘i hamdir. Ularni xavfsiz va sog‘lom ta’lim dargohiga aylantiraylik

Giyohvandlik balosi globallashuv davrining eng xavfli – insoniyat genofondiga tuzatib bo‘lmas tahdid solayotgani bilan dunyo xalqlarini jiddiy o‘ylantirmoqda. Axborot texnologiyalarining to‘siq va chegara bilmas imkoniyatlari bu muammoning yanada kengroq tarqalishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatayotgani ma’lum. Giyohvandlik vositalari, psixotrop, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarining turlari ko‘payib, aholining turli qatlamlarigacha o‘zining tubsiz domiga tortayotgani sir emas. Afsuski, mazkur illat yurtimizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Bu ofatga qarshi keskin kurash, aholi salomatligi, sog‘lom ruhiyatini zahri-zaqqumdan saqlash, uning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish borasida Hukumatimiz tomonidan qator me’yoriy hujjatlar qabul qilinyapti. Hujjatlarda belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha mutasaddi idora va mahkamalar, xususan Toshkent shahar IIBB tomonidan giyohvandlikning oldini olish bo‘yicha kompleks tezkor profilaktik tadbirlar izchil ravishda amalga oshirilmoqda.


Poytaxtimizning Shayxontohur tumanida joylashgan Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamda Japan Digital universiteti ma’muriyati hamda talabalari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar ana shu dolzarb masalalarga qaratildi. Ushbu oliy o‘quv yurtlarida “Xavfsiz va sog‘lom ta’lim dargohi” shiori ostida o‘tkazilgan ochiq muloqotda tuman IIO FMB boshlig‘i, polkovnik Otabek Jamolov, uning o‘rinbosarlari hamda mas’ullar ishtirok etishdi. Talabalar hamda bilim yurti ma’muriyati oldida ma’ruza qilganlar giyohvandlik, psixotrop, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarining inson salomatligi, oilasi, shaxsi shakllanishidagi salbiy oqibatlari, uning iste’moli ortidan sodir etilayotgan mudhish jinoyatlar haqida haqqoniy misollar yordamida ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga giyohvandlik – uni tarqatish, saqlash, iste’mol qilish bilan bog‘liq holatlar uchun qonunda belgilangan jazolar, mazkur illatga qarshi kurashish, uning barvaqt oldini olish, yoshlarda giyohvandlikka qarshi immunitet hosil qilish masalalarini muhokama qilib, zaruriy tavsiya va maslahatlar berishdi. O‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar davomida talabalar tomonidan berilayotgan ko‘plab savollar, mavzuga qiziqish uning dolzarb va muhimligini ko‘rsatmoqda. Har bir talaba uchrashuvda ko‘tarilgan mavzudan o‘ziga tegishli xulosa chiqarsa, to‘g‘ri yo‘l tanlasa, bilim dargohi xavfsizligi, o‘z xavfsizligini ta’minlab, baxtli kelajagining mustahkam poydevorini yaratishiga shubha yo‘q.

Barcha yangiliklar

Text to speech