Avtomashina eshiklarini, oynalarini ochiq qoldirmaslik haqida ommaviy axborot vositalarida jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab ogohlantirishlar berib borilmoqda. Shunga qaramay ayrimlar hamon o‘z avtomashinalari eshiklari, oynalarini ochiq holda qoldirib, yetmaganiga kalitlarini o‘t oldirgichda tashlab ketishmoqda. Haydovchilarning bunday beparvoligi esa ko‘ngli egri, nopok kimsalarga qo‘l kelmoqda.
2023 yilning 14 avgustida Sunnatilla ish topish umidida emas, kimningdir buyumini o‘g‘irlab, sotib pulini yeb-ichish haqida o‘ylab, ko‘chaga chiqdi. Ter to‘kib mehnat qilish, biror kasbning etagidan tutib, halol rizq terishni xayoliga ham keltirmagan Sunnatilla Shayxontohur tumanida joylashgan xo‘jalik mollari do‘koni yonida turgan Damas avtomashinasiga yaqinlashdi. Ochiq oynasidan mo‘ralasa, ichida 2.600.000 so‘mlik “Samsung Calaxy A 02” telefoni turibdi. Asta olib, cho‘ntagiga soldi-yu, g‘oyib bo‘ldi. o‘ziniki emas-da, puli kuymagan, notanish kimsaga 300.000 ming so‘mga sotib yubordi. 17 avgust kuni Chorsu mahallasida joylashgan oziq-ovqat do‘koni oldida Abdumajitovga tegishli Labo avtomashinasini nishonga oldi. Eshigi ochiqligidan foydalanib 2.383.000 so‘mlik “Pedmi note 9” telefonini o‘g‘irladi. Beli og‘rimaganni non yeyishini ko‘r, deganlaridek uni ham arzimagan pulga sotib yubordi. Pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yubordi.
– Ilgari besh marta sudlanganiga qaramay, Sunnatilla ozodlikning qadriga yetmagan ko‘rinadi, – deydi Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Madad Jo‘rayev. – Kim-kim, ammo Sunnatilla kabilar erkin yashashning bahosi naqadar baland ekanligini tushunib yetishlari kerak, deb o‘ylayman. Halol ishlasa, o‘g‘irlab sotilgan mollarning pullaridan ham ko‘proq pul topishi mumkin-ku! Afsuski, halol mehnat qilish bundaylarning hayoliga ham kelmaydi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi 1983 yilda tug‘ilgan, Sunnatillani O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasiga (“O‘g‘rilik”) ko‘ra aybdor deb topib, yetkazilgan zararning o‘rni qoplanganligini inobatga olib, JKning 57-moddasini qo‘llagan holda to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.