Yoshlar bejizga niholga qiyoslanmaydi. Ular ham nihol kabi qayerga bursang o‘sha tomonga egilib o‘sadi. Yoshlarni foydali mashg‘ulotlarga jalb qilish, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, ongu shuurini to‘g‘ri shakllantirish, yurtimizning komil insonlari qilib tarbiyalash ishlariga muhim ahamiyat berilishi ham shundan. Bu yo‘nalishda poytaxt IIBB hududiy tuzilmalari tomonidan qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Bektemir tumani IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik Ulug‘bek Agzamxo‘jayev tomonidan I.M.Gubkin nomidagi akademik litseyda “Rahbar va yoshlar” doirasida navbatdagi uchrashuv o‘tkazildi. Litsey ma’muriyati va o‘quvchilari bilan ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda ma’ruzachi giyohvandlik, psixotrop, o‘tkir ta’sir qiluvchi dori vositalarining yoshlar o‘rtasida tarqalishi, iste’moli, og‘ir oqibatlari, bunday illatlarga qarshi kurash, ijtimoiy tarmoqlardagi kibertahdidlar, raqamli firibgarliklarga oid mavzularni atroflicha yoritdi. Shuningdek, jinoyatlarga qarshi kurash, shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish, kibermakonda yuzaga kelayotgan xavf-xatarlarga qarshi immunitet hosil qilish, zamonaviy va samarali yechimlari bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Auditoriya e’tiboriga giyohvandlik, psixotrop va o‘tkir ta’sir qiluvchi dori vositalarining tarqalishi, iste’molining ayanchli oqibatlari haqida tayyorlangan videoroliklar namoyish etildi. Uchrashuv yakunida ma’ruzachi yoshlarning ko‘plab savollariga javob berish bilan birga bu boradagi yoshlarning fikrlarini ham tingladi.