Bekorchilikdan zerikkan Oybek Yashnobod tumanida joylashgan “Toshkent” savdo markaziga yo‘l oldi. Aslida bir nafar voyaga yetmagan farzandi bor, oilali odamning bekorchi bo‘lishining o‘zi xunuk. Ota oilasini boqish, ro‘zg‘orini tebratish uchun har qanday mehnatning etagini tutishi lozim nazarimizda. Boz ustiga muqaddam firibgarlik jinoyatini sodir qilib, axloq tuzatish ishlariga jalb qilingan odamga ishsiz yurish nomaqbul. Ammo Oybek bundan vijdoni qiynalib yoki pushaymonlikdan ich-etini yeb yurgani yo‘q. O‘sha kuni ham, ya'ni 2022 yilning fevral' oyida yuqorida nomi keltirilgan savdo markazida telefon apparatlari va ularning ehtiyot qismlari bilan savdo qiluvchi tanishi O‘.Ulug‘bekning oldiga borib, bahosi 1.500.000 so‘m bo‘lgan “Samsung A6” telefonini sotib berishga va'da berib olib ketdi. Ko‘p o‘tmay 1.130.000 so‘mlik “Redmi Note 7” telefonini vaqtincha foydalanish uchun so‘rab olgancha qorasini ko‘rsatmadi. Tabiiyki, ularni arzon narxga notanish kimsalarga sotib yuborib, pulini do‘kon egasiga qaytarib berishni xayoliga ham keltirmadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ochiq sud majlisida 1994 yilda tug‘ilgan S.Oybekning qilmishini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning qilmishiga pushaymonligi, jabrdiydaga yetkazgan zararni to‘liq qoplaganligi, jabrlanuvchining da'vosi yo‘qligi, oilaviy sharoitini inobatga olib, shu modda bilan oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi. Mazkur firibgarlik jinoyati tafsilotlari bilan Yashnobod tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, podpolkovnik Odil Mamataev tanishtirdi.