24 Oktyabr 2024 Yil 520

Baxt tomon parvoz

2008 yilda  mehribonlik uyiga ko‘ngilli yordamchi bo‘lib kelgan Annaning eʼtiborini bug‘doyrang, qora ko‘zlarini shiftga qaratib yotgan harakatsiz go‘dak tortdi. Mehribonlik uyi rahbari bolaning tug‘ma nogironligi, alohida parvarishga, eʼtiborga muhtojligini aytganida bolakayga g‘amxo‘rlik qilish fikri tug‘ildi. Buni bilgandek, go‘dak Annaga talpina boshladi. O‘sha kunni ayol hech qachon unuta olmaydi. Shu kundan boshlab Annaning tinchi buzildi. Go‘dakni uy sharoitida butun mehrini berib, sog‘lom voyaga yetkazishni niyat qilgan Anna uni bolalar uyidan o‘z uyiga olib keldi. Unga Aleksandr deya ism qo‘yib uning kasalligiga oid tibbiy adabiyotlarni o‘qib, o‘z maqsadini amalga oshirish uchun Aleksandrga barcha shart-sharoitlarni yaratdi. Onalik muhabbati, yon-atrofdagilarning bo‘lakcha mehri, g‘amxo‘rligi va o‘zgacha parvarish o‘z samarasini berdi va Aleksandr sog‘lom voyaga yeta boshladi. Vaqtning o‘tishini ko‘ring. Ko‘z ochib yumguncha Aleksandr 16 yoshga to‘libdi. Hammasi shundan keyin boshlandi. Uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat qilish, ona-bola munosabatlarini rasmiylashtirishga kelganda, o‘smirning O‘zbekistonlik ekanligi maʼlum bo‘ldi. Voqeadan xabar topgan homiylik tashkilotlari Aleksandrni vataniga qaytarish ilinjida uni Annadan olib qo‘yishdi. Bu orada Anna Toshkent shahar IIBB voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi boshlig‘i Kamoliddin Zavqiyev bilan telefon orqali bog‘lanib, vaziyatni tushuntirdi va undan ko‘mak so‘radi. Anna qo‘lida bo‘lgan bolaning tug‘ilganlik guvohnomasining nusxasini olib, sakkiz oyligidan butun mehrini berib tarbiya qilgan o‘g‘lini qaytarish uchun Sankt-Peterburgdan Toshkentga jo‘nadi.

– Men birinchi bor O‘zbekistonga kelishim. Menga o‘g‘lim Aleksandrni bag‘rimga qaytarish uchun mehnatlari, vaqtini ayamay yordam ko‘rsatgan yuzlab insonlarga o‘z minnatdorligimni izhor etaman. Barcha-barchasiga rahmat. Ayniqsa, Kamoliddinga. Bu Markazda bir yarim oycha turib, markaz xodimlari olib borayotgan ishlarni ko‘rib, tasanno aytmay iloj yo‘q. Har bir bolaga alohida yondashib, ularni bolalik baxtini tuyish, to‘laqonli oila bo‘lib yashashini taʼminlash borasidagi xizmatlari beqiyos. Aslida ham shunday, har bir bolaning o‘z uyi, ota-onasi, yaqinlari bo‘lishi shart. Mana bugun qo‘limda Aleksandrga berilgan ID karta, xorijga chiqish pasporti, xalqaro homiy-vasiylik hujjati – bularni olishda yaqindan yordam bergan Toshkent shahar IIBB, Markaz rahbariyati, tegishli idoralar xodimlariga bu ezgu ishlarida  muvaffaqiyatlar tilayman. Mehri daryo, jonkuyar, mehnatkash, mehmondo‘st,olijanob O‘zbekiston xalqiga, O‘zbekiston Prezidentiga cheksiz hurmatim va muhabbatimni izhor etaman, – deydi Fedoseva Anna Yuryevna, ko‘zlarida quvonch yoshlari bilan.

Samolyot Sankt-Peterburg tomon parvoz qildi. Unda o‘z farzandini topgan baxtiyor ona va mehr-muhabbat og‘ushida kamol topajak baxtli o‘g‘il qadrdon manzillari tomon oshiqib ketishmoqda. 


Barcha yangiliklar

Text to speech