Ilk mehnat faoliyatiga kirishgan har bir yosh uchun o‘z kasbiga mehr qo‘yish, uning sir-asrorlarini o‘rganish, moslashuv va ko‘nikmalar hosil qilishida ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyos. Shu bois har bir sohada bo‘lganidek, ichki ishlar organlarida ham ustoz-shogird anʼanasi izchil davom etib kelmoqda. Joriy yilning 12 sentyabr kuni IIVning 1-sonli Toshkent Akademik litseyida bo‘lib o‘tgan tadbir ana shu mavzuga bag‘ishlandi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi kafedra mudiri, yuridik fanlar doktori, professor, isteʼfodagi polkovnik Soraxon Ahmedova va Toshkent shahar IIBB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Idaliya Minixanova hamda akademik litsey o‘quvchi qizlari ishtirokida “Kasbim-faxrim” mavzusiga bag‘ishlangan “Uch avlod uchrashuvi” maʼnaviy-maʼrifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘z olgan ustozlar bugungi kunda ichki ishlar organlari tizimida xodimlarning to‘laqonli xizmat olib borishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, ustoz-shogird anʼanasining davom ettirilayotgani har bir yosh xodim uchun foydali ekanligini taʼkidladilar. Uning qanchalik samarali ekanligini o‘z hayotiy tajribalari, ustozlaridan ilk bora xizmatning o‘ziga xos jihatlarini o‘rganganliklari, qolaversa shu kasbga mehr qo‘yib, uzoq yillar sidqidildan xizmat qilib kelayotganligiga urg‘u berishdi. Shuningdek, bugungi kunda o‘zlari ustoz bo‘lib ko‘plab shogirdlar yetishtirayotganliklarini mamnuniyat bilan qayd etishdi. Uchrashuv so‘ngida soha faxriylarining boy hayotiy va ish tajribasi yosh avlod uchun hamisha hayot maktabi va xizmat mashaqqatlarini yengib o‘tishda chinakam ibrat bo‘lishi taʼkidlandi.