Yurtimizning eng ulug‘ va eng aziz bayrami – Mustaqillik ayyomining 34 yilligi barcha shaharu tumanlarda katta shodiyona va tantana bilan nishonlanadi. Poytaxtimizning 12 ta tumanida ham ushbu ayyomni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida saylgohlar o‘z faoliyatini olib boradi. Toshkent shahar IIBB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev, shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari polkovnik Anvar O‘rmonov, Toshkent shahar Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Anvar Ortiqov, FVB boshlig‘i polkovnik Muxtor Muxiddinov boshchiligidagi ishchi guruh joylarda bayramga tayyorgarlik jarayonlarini o‘rgandi.
Dastlabki manzil Sergeli tumanida tashkil etilgan kunu tun faoliyat yuritadigan gastronomik, savdo va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan turizm ko‘chasi bo‘ldi. 30 avgust kuni mazkur ko‘chaning ochilish marosimi o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan Rok va Mangal festivali o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Sergeli tumani hokimi va boshqa mutasaddi rahbarlar tomonidan ushbu turizm ko‘chasida aholi hamda tadbirkorlar uchun yaratilgan qulayliklar, xavfsizlik choralari, o‘rnatilgan kuzatuv kameralari va tashvish tugmalari, ochilish marosimiga tayyorgarlik haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng ishchi guruh poytaxtimiz tumanlaridagi saylgohlarda o‘rganishni davom ettirdi. Bayram shodiyonasi nishonlanadigan hududlarda IIO, Milliy gvardiya, FVV va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari jalb qilingan bo‘lib, barchasining xizmatga shayligi ko‘zdan kechirildi. Obyektlarda xavfsizlik choralari kuchaytirilganligi, kuzatuv kameralari sozligi tekshirildi. O‘rganishlar yakuni bo‘yicha ishchi guruh tomonidan obyekt mas’ullariga va boshqa mutasaddilarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.