Aziz hamshaharlar va poytaxtimiz mehmonlari, hamkasblar, ichki ishlar organlari faxriylari, xizmat burchini ado etish vaqtida qahramonlarcha halok bo‘lgan xodimlarning yaqinlari!
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbariyati va shaxsan o‘zimning nomimdan barchangizni yangi 2024 yil bilan muborakbod etaman!
Bugun bor kuch va imkoniyatlarimiz Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga safarbar etilgan bir paytda, amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va oqilona siyosat samaradorligi - xalqimiz turmush tarzini yangi bosqichga ko‘tarish, aholini ijtimoiy himoya qilish, keksalarimizni qadrlash, eng muhimi, tinchlik-totuvlik, mustaqillikni asrab-avaylash, ozod va obod Vatan barpo etish jabhalarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Toshkent shahar IIBB shaxsiy tarkibi poytaxtimizda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, qonunchilik va huquq-tartibotni mustahkamlashdek masʼuliyatli hamda sharafli xizmatini davom ettirib kelmoqda. Ishonchim komilki, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida Yangi yilda ham ulkan ezgu ishlarni birgalikda davom ettiramiz.
Barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, uzoq umr, oilangizga totuvlik, dasturxoningizga qut-baraka tilayman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo‘lsin.Yangi yilingiz yana bir bor muborak bo‘lsin!