Aziz hamshaharlar va poytaxtimiz mehmonlari, muhtaram faxriylar!
Ikkinchi jahon urushida Vatan ozodligi, yurtimiz tinchligi yo‘lida qahramonona ishtirok etgan, front ortida ham fidoyilik, jasorat namunalarini ko‘rsatgan tabarruk nuroniylarimizni shuningdek, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning oila aʼzolarini Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 79 yilligi bilan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi shaxsiy tarkibi nomidan samimiy tabriklayman!
Bugun barchamiz buyuk G‘alabaga beqiyos hissa qo‘shgan, mana shu dorulomon kunlarga yetib kelolmagan yurtdoshlarimizni yod etamiz, ularning xotirasi, pok ruhlari oldida taʼzim bajo keltiramiz. Beshafqat urushda, mashaqqatli mehnat frontida mardlik va matonat ko‘rsatgan barcha faxriylarimizga yuksak hurmat va ehtirom, chuqur minnatdorlik bildiramiz.
Hayotning og‘ir va achchiq sinovlarini mardona yengib o‘tgan Siz azizlarning Yangi O‘zbekistonimizni har tomonlama yuksaltirish, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida, mustahkam irodali insonlar etib tarbiyalashga qo‘shayotgan munosib hissangizni yuksak qadrlaymiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi tinch va ozod, erkin hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun sizlarga yana bir bor samimiy minnatdorlik bildiraman. Barchanggizga uzoq umr, sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga farovonlik, dasturxoningizga qut-baraka, yurtimizga tinchlik, osoyishtalik tilayman.