19 Dekabr 2024 Yil 178

Avvaliga xursandchilik, keyiniga ...

Aslida qo‘lidan biror jo‘yali ish kelmaydigan odam o‘zini hamma narsaga qodirdek ko‘rsatishga urinadi. Toki, uning qarmog‘iga ilinib, ta'ziringizni yemaguninggizcha u nazaringizda omadli, ishbilarmon va hojatbaror, qo‘ying-chi, odamlarning eng yaxshisi bo‘lib tuyulaveradi. Abdulaziz ham Ne'matni sport klubidan chiqib kelayotganida uchratib suhbatlashib bildiki, u mazkur klubga yillik imtiyozli karta olib bera olarkan. Abdulaziz anchadan buyon otasiga yangi yilga nima sovg‘a qilish haqida bosh qotirayotgandi. Aytgancha, bu voqea 2022 yilning 29 dekabr' kuni sodir bo‘layotganini aytishni unutibmiz. U o‘zi va otasi uchun yillik kartaga ega bo‘lish niyatida “hojatbaror”ga 10.500.000 so‘m berdi va kelasi yilning 5 yanvaridan qolmay kartani olishi kerak edi. Abdulaziz shu joyda kutib tursin, gapni Ne'matning keyingi firibi tafsilotlari bilan davom ettiramiz. O‘n bir millionga yaqin pulni olgan Ne'mat yangi yilni ko‘tarinki kayfiyatda qarshi oldi. Birovning puliga o‘ynadi-kuldi, bayramni shohona kutib oldi. Tekin daromadning mazasiga o‘rgangan Ne'mat 2023 yilning 6 yanvarida Chilonzor tumanidagi yirik savdo majmuasida maishiy texnika mollari bilan savdo qiluvchi tanishi Murodning oldiga keldi va Sergeli tumanidagi dong‘i chiqqan mehmonxonalardan biriga o‘rnatish uchun kondisionerlar xarid qilishi lozimligini aytib, 4.000 AQSh dollarilik kondisionerlarni olib ketdi.

Tabiiyki, pulini o‘rnatib bo‘lishi bilan keltirib berishga va'da berdi. Ne'mat o‘zini kondisioner o‘rnatish, ta'mirlash bilan shug‘ullanuvchi usta deb tanishtirib kelganligi tufayli Murodda u shubha uyg‘otmadi. Endi Abdulazizning tarixiga qaytsak. U Ne'matga qo‘ng‘iroq qilganida, Ne'mat bemalol sport klubiga boraverishi mumkinligi, o‘sha yerda ro‘yxatga yozib qo‘yganligi, kirishga to‘siq bo‘lmasligini, nazoratchiga uchrashib, uning nomiga yozilgan abonementini olishi mumkinligini aytganida, terisiga sig‘may quvondi. Ertasiyoq otasi va o‘zi birga borib bozordan mashg‘ulotlar uchun sport kiyimlari va kerakli narsalarni xarid qilib kelishdi. Mana u otasi bilan sport klubiga yetib ham keldi. Sport sumkasini ko‘tarib eshikdan kirishayotganida nazoratchi tomonidan to‘xtatilib, abonementini ko‘rsatish so‘raldi. Tabiiyki, Abdulaziz Ne'matning nomini aytib, ro‘yxatni ko‘rishligini va abonementni berishlarini so‘raganida nazoratchi shuncha yil ishlaganiga qaramay bunday odamni tanimasligini, hech qanday abonement berilmaganligini aytib, klubni tark etishlarini iltimos qilganda Abdulaziz otasining oldida yer yorilmadiki, kirib ketsa. O‘sal bo‘lgandan bo‘ldiki... Murod esa kondisionerlarning pulini kuta-kuta toqati toq bo‘lib, Ne'mat aytgan mehmonxonaga bordi. Eshikog‘asi yaqin yarim yil ichida hech kim kondisioner o‘rnatmagani, olib chiqib ham ketmagani, boz ustiga ta'mirlab ham bermaganini, Ne'mat ismli shaxsga ishi tushmaganini aytganida Murodning ko‘z oldi qorong‘ulashib ketdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi ochiq sud majlisida 1994 yilda tug‘ilgan, ma'lumoti o‘rta-maxsus, muqaddam sudlangan, ikki farzandning otasi R.Ne'matning qilmishini qonunan ko‘rib chiqdi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Yetkazilgan zararning qoplanganligi inobatga olinib, unga nisbatan ish haqining 10 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Mazkur firibgarlik jinoyat ishi tafsilotlari Chilonzor tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Shahrizoda Narimanovaning ish yurituvidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech