Ulug‘bek Baxtiyorovning kasb tanlashida ikkilanish bo‘lmadi. Holbuki, bobolari: Musulmonov Norboy ota ko‘p yillar Jizzax viloyati Baxmal tumani IIB profilaktika inspektori, Baxtiyor Musulmonov G‘allaorol tuman IIB boshlig‘i, otasi Musulmonov Ashad Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumani IIB Tergov bo‘limi tergovchisi lavozimlarida sidqidildan samarali faoliyat yuritib kelishgan. Ulug‘bek 2021 yili Respublika IIV Akademiyasini muvaffaqiyatli tamomlab, ilk faoliyatini Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limida tergovchi lavozimida boshladi. Ustozlari bo‘lim katta tergovchilari: podpolkovnik Jahongir Yakubov, kapitan Aziz Asadovlar yosh, tirishqoq va zehnli yigitni shogirdlikka tanlab xato qilishmadi. Uning tirishqoq va mehnatsevarligi, puxtaligi, o‘z ishiga o‘zgacha mas'uliyat bilan yondashishi sohani tezda o‘zlashtirib, amaliy bilimlarini mustahkamlashga turtki bo‘ldi. Ustozlari voqea joyini ko‘zdan kechirish, so‘roq jarayoniga ruhiy tayyorgarlik ko‘rish, ashyoviy dalillarni aniqlash, gumondorning aybini isbotlashga qaratilgan harakatlarni to‘g‘ri tashkillashtirish, moddalar klassifikasiyasini bexato belgilash kabi ishlarni amalga oshirishda orttirgan ko‘p yillik tajriba va malakalarini Ulug‘bekka o‘rgatish barobarida jarayonga jalb etib, yo‘l qo‘ygan xatolarini ko‘rsatib, muhokama qilib borishdi. Keyinchalik ham mustaqil tergov yuritishda Ulug‘bek necha bor ulardan tergov jarayonini nazorat qilib borishni iltimos qilib, ko‘nikmalarini mustahkamladi. Ulug‘bek yosh bo‘lishiga qaramay yurituvida bo‘lgan jinoyat ishlarini tahlil qilarkan, inson umrining qisqaligi, uni ezgu savoblarga, yaratish, o‘qish, mehnat va ijod qilishga sarflash uchun shoshilish kerakligini ta'kidlaydi. Tarbiya uydan, kattalardan boshlanishi lozimligi, bir bolaga yetti mahalla ota-ona, degan iborani hayotga tadbiq etishning foydasi muhimligini e'tirof etadi.
— Fuqarolarimizda qonunga hurmat, unga so‘zsiz rioya etish madaniyatini shakllantirish zarur, — deydi katta leytenant Ulug‘bek Baxtiyorov — Buning uchun huquqiy bilimlarini oshirish, huquqiy madaniyatni keng targ‘ib qilishimiz lozim. Shuningdek, jinoyatga u qanday ko‘rinishda bo‘lmasin jazo muqarrarligini fuqarolar, ayniqsa yoshlar ongiga singdirish muhim, deb o‘ylayman.
Tumandagi do‘konlardan birida o‘g‘irlik sodir etiladi. O‘g‘ri komp'yuter, printer hamda unga tegishli jihozlarni o‘marib ketadi. Ulug‘bek gumondor bilan surishtiruv ishlari olib borarkan, uning sherigi bo‘lganligini his qildi. Ammo aybdor o‘g‘irlikni yolg‘iz o‘zi sodir qilganini aytib, so‘zida turib oldi. Ulug‘bekning do‘stona suhbati davomida aybdor sherigi o‘zining turmush o‘rtog‘i ekanligini og‘zidan “gullab” qo‘yganini payqamay qoldi. Har ikkisiga sud tomonidan qonuniy jazo tayinlandi. Uning amaliyotidan bu kabi jinoyat ishlari bo‘yicha ko‘plab misollar keltirish mumkin.
Ayni kunda Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi katta tergovchisi lavozimida, katta leytenant unvonida faoliyat yuritib kelayotgan Ulug‘bek Baxtiyorov ichki ishlar organlari sulolasining to‘rtinchi avlod davomchisi ekanligidan faxrlanadi. Shu bilan birga ularga munosib bo‘lishga, misqollab yig‘ilgan obro‘-e'tiboriga dog‘ tushirmaslikka, aksincha bu ishonchni halol, fidoyi mehnati bilan mustahkamlashga intiladi. Shu bilan birga yurtimizda huquq-tartibotni mustahkamlash, jinoyatga jazo muqarrarligini ta'minlashga o‘z kichik bo‘lsa-da hissasini qo‘shib kelayotganini mamnuniyat bilan e'tirof etadi.