Oilada besh farzandning eng kenjasi bo‘lgan Azamat Amanov ichki ishlar organlarida xizmat qilish niyatini bildirganida otasi Akmal aka:
– Sen uydan bir kun ham uzoqlashmagan, begona joylarda tunab qolmagan, ovqatni ham tanlab yeydigan bo‘lsang. U yerda oylab kazarma sharoitida yashashingga, nima yegulik bersa, yeyishingga to‘g‘ri keladi. Seni erkalik va injiqligingni ko‘taradigan ota-onang yo‘q u yerda, – dedi.
Akmal akaning so‘zlarini ma’qullagandek, onasi ham bosh irg‘adi. Ammo Azamat o‘z so‘zida turib, ikkilanmay, hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasiga topshirdi. O‘qish davrida chiniqib borayotgani, jiddiylashayotgani, qat’iyati, hayotga munosabati o‘zgarayotganini kuzatgan otasi Azamatning irodasi, tirishqoqligiga tan bermay iloji qolmadi. 2011-yilda IIV Akademiyasini muvaffaqiyatli tugatgan Azamat ilk faoliyatini poytaxt Olmazor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limida boshladi. Katta tergovchilar: polkovnik Mirzatilla Himoyatov, kapitan Dilshod Azizovlar yosh ammo tirishqoq, intiluvchan xodimga kasbning sir-asrorlarini o‘rgatibgina qolmay, uning har bir muvaffaqiyati va yutuqlarini kuzatib, nazorat qilib borishdi. Azamat sohaviy xizmatlar bilan keng hamkorlik va ishchi munosabatlarini yaqindan yo‘lga qo‘ygani bois, birinchi mustaqil ishi - ta’mirlash ketayotgan xonadonlardan biridagi o‘g‘irlik jinoyatini JQB xodimlari, profilaktika inspektorlari bilan birgalikda tezkorlikda ochishga erishdi. Amaliyotida jabrlanuvchining aybdorga, aybdorning jabrlanuvchiga aylanish holatlari kabi chigal jinoiy ishlarni nafaqat ashyoviy dalillar, guvohlar, to‘plangan ma’lumotlarga tayanib, balki ichki hissiyotlari va bilimi yordamida fosh qilishga erishib, jinoyatga jazo muqarrarligi, aybsizga ozodlik tamoyillarini ta’minladi. Bunga, katta miqdorda tilla taqinchoqlarni sotish uchun olib, na pulni, na buyumlarni qaytarib bermayotganligi haqida ichki ishlarga murojaat qilgan shaxs misol bo‘la oladi. Avvaldan X.Muxtor o‘z sherigi T.Asilbek bilan tilla taqinchoqlar sotuvi bilan shug‘ullanib kelgan. Navbatdagi katta miqdordagi tilla buyumlarni olgan Asilbek ularni sotib pullarni o‘z ehtiyojiga sarflab yuboradi. Ikki o‘rtada janjal chiqadi. Muxtor uni avtomashinasiga o‘tqazib tuman ichki ishlariga olib kelganda Asilbek aslida Muxtor buyumlarning pullarini bermayotgani, bunga guvohlari borligini aytib, ariza yozadi. Tergov jarayonida Asilbek keltirgan guvohlar, tilxat va boshqa vajlar soxtalashtirilgani, buyumlar ro‘yxati o‘zgartirilgani kabi nayranglari oshkor bo‘lgach, aybini tan olishga majbur bo‘ladi. Bu jarayonda aybdor va jabrlanuvchi munosabatidagi haqiqatni aniqlashtirish uchun ko‘plab yuzlashtirishlar, ekspertiza xulosalari, ma’lumotlar, so‘rovnomalar va boshqa tergov tadbirlari o‘tkazilgani, qancha mehnat sarf qilingani o‘quvchi e’tiboridan chetda qoladi, albatta. Bunday misollar uning amaliyotida ko‘plab qayd etilgan. Bugungi kunda mayor Azamat Amanov Olmazor tumani IIO FMB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi Tergov bo‘limi katta tergovchisi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Mazkur soha hayotimizga raqamli texnologiyalarning jadal sur’atda kirib kelishi asnosida yangidan tashkil topganiga qaramay, bunday jinoyatlarga qarshi kurashning o‘ziga xos uslublari ishlab chiqilyapti hamda takomillashtirilyapti. Azamat Amanov ham hamisha izlanishda, bu borada xorij tajribasi, dunyo miqyosida olib borilayotgan ijobiy ishlarni o‘rganish, amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma va yo‘riqnomalarni muntazam kuzatib, o‘rganib bormoqda.
O‘z ishiga sidqidildan, ijobiy yondashish bilan birga turmush o‘rtog‘i Nozimaxon bilan ikki jajji farzandlarini tarbiyalashga ham vaqt topmoqda. Uning xizmatdagi, hayotidagi muvaffaqiyatlarini kuzatar ekan, otasi Akmal aka va onasi Dilorom opalar – har ikkisi nafaqa gashtini surmoqda – bundan bir necha yillar oldin Azamatning tanlagan yo‘li, irodasi, qobiliyatiga ishonchsizlik bildirganini eslashganda, miyig‘ida kulib qo‘yishadi. Azamat esa bu gaplarni allaqachon unutib yuborgan.