25 Dekabr 2023 Yil 444

Asosiysi – qonun ustuvorligi

Toshkent shahar IIBB YHXB YPX brigadasi 2-batalyon 4-safarbarlik guruhi katta inspektori, kapitan Odiljon Shokirjonov Mirobod tumanining «Sayxun» ko‘chasida o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan edi. U yuk avtoulovini to‘xtatib, haydovchi Sh.Yu.dan hujjatlarni taqdim etishni so‘raganida, avtoulovni boshqarish huquqning beruvchi ishonchnoma yo‘qligi ma’lum bo‘ladi.

Tez orada uning tanishi M.D. yetib keladi va o‘zini haydovchining boshlig‘i sifatida tanishtirib, YPX inspektoriga tuzgan bayonnomani bekor qilish evaziga unga 1 million so‘m pul taklif etadi. M.D. jarima maydonida xodimga pul berayotganida qo‘lga olinadi va qonun hukmiga topshiriladi.

Fidoyi xodim xuddi shunday yana bir huquqbuzarlikni fosh etdi. Mirobod tumanining  «Munis» ko‘chasida xizmat olib borayotganida «Matiz» rusumli avtoulovni to‘xtatib, haydovchi V.J.ning hujjatini ko‘zdan kechira boshlaydi. Planshet orqali tekshirganida, bu hujjat haqida ma’lumot yo‘qligi ma’lum bo‘ladi. Qalbaki hujjat olib yurganlikda gumon qilingan V.J. Mirobod tumani IIOFMBga olib borib topshiriladi.

– Faoliyatim mobaynida  ko‘p kuzatganman, – deydi kapitan O. Shokirjonov. –  Qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan ayrim haydovchilar o‘z aybini yashirish uchun turli yo‘llarni qidirishadi, ularning bu xatti-harakati qonunga zid ekanligini bot-bot tushuntiraman. Ota-bobolarimiz aytganidek, halollik, poklik bor joyda baraka bo‘ladi. Harom luqmaning oqibati yomonligini barchamiz birdek anglab yetsakkina, ko‘zlagan ezgu maqsadlarimizga tez va oson erishamiz. 


Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz.  

Barcha yangiliklar

Text to speech