11 Sentyabr 2024 Yil 1092

Aslida yo‘q uyga shuncha talabgor

Bugungi yoshlar kitob o‘qishni o‘rniga, qo‘yib bersang ertalabdan kechgacha qo‘lidagi uyali telefonni titib o‘tiradi. Undagi maʼlumotlardan o‘ziga keragini olib, yaxshilik, ezgulik yo‘lida  foydalansa-ku mayliga-ya, ammo g‘arazli maqsadlarda foydalansa, bu uning maʼnaviy zalolatga botayotganidan darak beradi. O.Javohir 2005 yilda tug‘ilgan. Katta hayot bo‘sag‘asida turibdi. Oldiga ezgu maqsadlar qo‘yish, kelajakka go‘zal va puxta reja tuzish o‘rniga u aldash, birovning ishonchini qozonib, uni suisteʼmol qilish yo‘li bilan mol-mulkini egallashni niyat qildi. Bu yo‘lda axborot tizimidan jumladan, axborot texnologiyalari resurslaridan foydalanishni ko‘zladi. Oldindan tuzgan rejasiga ko‘ra o‘ziga tegishli “Redmi Not-8” rusumli mobil qurilmasi orqali ijtimoiy tarmoqlarda ijaraga xonadon berishi haqidagi eʼlonni joylashtirdi va “hosilini” kuta boshladi. 2023 yil 4 yanvar kuni Navoiy viloyati Karmana tumanida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan I.Umedjon qo‘ng‘iroq qilib ijara shartlari bilan qiziqdi. Javohir ayni damda Chorvoqda dam olayotgani bu uyga xaridor ko‘pligi, ijara haqi oyiga 300 AQSH dollari ekanligi, o‘zi yo‘q uyning zo‘r sharoitlari haqida og‘iz ko‘pirtirib maqtay ketdi. Bugun pul o‘tkazsa, ertasi ertalab falon joyda uy kalitini topshirishini  tayinladi. Umedjon 500.000 so‘mni Javohirning plastik kartasiga o‘tkazib berdi. Ertasi xo‘roz qichqirmay bor bisotini tugunga tugib, Javohirni – o‘zini “Sherzod” deb tanishtirgan uy egasini kelishilgan joyda kuta boshladi. Umedjon “Sherzod”ni kuta tursin, to‘rga ilingan, keyingi “o‘ljalar” bilan tanishing. 1996 yilda tug‘ilgan marg‘ilonlik Alisher bilan ham xuddi shunday suhbat bo‘lib o‘tdi va u 555.000 so‘m pulni “Qodirjon”ning plastik kartasiga o‘tkazib berdi.  Yakkabog‘ tumanilik 2000 yilda tug‘ilgan Akrombek ham uning tuzog‘iga oson ilindi va 550.000 so‘m pulini o‘tkazib berdi. Kitob tumanilik 1996 yilda tug‘ilgan Dilshodjon 2023 yilning 7 yanvarida  500.000 so‘m, xorazmlik 1993 yilda tug‘ilgan Muhayyo Ibragimova 8 yanvarda  200.000 so‘m, Samarqand viloyati Nurobod tumanilik Madina 9 yanvarda 560.000 so‘m, shu kuni shahrisabzlik 1996 yilda tug‘ilgan Xurshid 300.000 so‘m pulni uning plastik kartasiga o‘tkazganlardan.

– O‘zini turli ismlar bilan tanishtirib kelgan Javohir pulni olgach, qurbonlarini “qora” ro‘yxat”ga  kiritib qo‘yavergan, – deydi poytaxt IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Feruz Ismoilov. – Yoshlarimiz axborot texnologiyalari resurslaridan bilimini, dunyoqarashi, madaniyatini oshirish yo‘lida unumli foydalanishsa nur ustiga aʼlo nur bo‘lardi, albatta. Biroq ayrimlarning texnologiya resurslaridan g‘arazli maqsadlarda foydalanishlari, o‘zgalarning peshona teri evaziga kelgan pullarini o‘zlashtirishga urinishi, jamiyatimizga yot, jinoyatga yetaklovchi kontentlarga beriluvchanligi ularning maʼnaviy, huquqiy immuniteti sustligidan darak beradi.           

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi O.Javohirning qilmishidan pushaymonligi, boquvchisini yo‘qotganlar ro‘yxatida turishi, kasb-hunar kollejining 2- bosqichida o‘qiyotganligi, keltirilgan zararni to‘liq qoplaganligini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining  168-moddasi 3-qismi “b”,”g” bandlarida (“Firibgarlik”) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topib, jazo tayinladi. 



Barcha yangiliklar

Text to speech