Dilshodning boshi egik. Jahl ustida qilgan ishidan mingdan ming pushaymon. Endi to‘rt nafar farzandining ahvoli ne kechadi?! Eshitgan quloqqa ham yaxshi emas. Ammo so‘nggi pushaymon, o‘zingga dushman deganlaridek, ich-etini yeyishdan boshqa chorasi yo‘q. Voqea esa bunday bo‘lgandi.
2023 yilning 9 may kuni Dilshod avtomobillarga xizmat ko‘rsatish ustaxonasiga odatdagidek ishga keldi. Mijoz ham kelib kutib turgan ekan, tezda avtomashinasini ko‘rikka oldi. U avtomashina egasi bilan zarur ehtiyot qismlari haqida suhbatlashayotganida sheriklari — I.Umarjon va M.Mirjamollar kelishdi. Ular ham ishga sho‘ng‘ishdi. Tushga yaqin Lacetti avtomashinasi egasi mashinasi yaxshi yurmayotganini bildirib, qarab qo‘yishlarini so‘rab ustaxonaga olib keldi. Bu orada Umarjon ta'mirlagan avtomashina egasi ustaxonadan chiqib ketishga taraddudlandi, ammo Lacetti haydovchisi X.Sodiq avtomashinasini yo‘lakka ko‘ndalang qo‘yib qo‘ygani uchun chiqa olmay, yordam so‘ragandek Umarjonga qaradi. Umarjon Sodiqqa avtomashinasini yo‘lni to‘sib, noto‘g‘ri qo‘yganini aytganida Sodiq qaerga xohlasa o‘sha yerga qo‘yishini aytdi. O‘rtada nizo chiqdi. Sodiq bo‘sh kelmay ovozini balandlata boshladi. Nizoga Mirjamol ham qo‘shildi. Sodiq endi haqoratlashga o‘tdi. So‘kinishlar, baqir-chaqirni eshitib, ularni tinchlantirish maqsadida chiqqan Dilshod ham “o‘z ulushini” oldi. Janjal mushtlashuvga aylandi. Sheriklarini himoya qilmoqchi bo‘lgan Dilshod qanday qilib qo‘lidagi otvertkani Sodiqning ko‘krak qafasiga sanchganini bilmay qoldi.
— Sud-tibbiy ekspertizasi Sodiqqa yetkazilgan jarohatlarni hayoti va sog‘lig‘i uchun "og‘ir"ligini tasdiqladi, — deydi Sergeli tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, podpolkovnik G‘.Xudaybergenov, — Tergov jarayonida jabrlanuvchi ham o‘z aybini bo‘yniga olib, qo‘pol muomala qilganini tan oldi. Biroq bu usta yigitlarning aybini yuvmaydi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi ochiq sud majlisida ustaxona ishchilarining jinoiy qilmishlarini ko‘rib chiqdi. Ushbu qilmishning kelishuvga roziligini videokonferensaloqa orqali bildirgan jabrlanuvchining axloqqa zid xulq-atvori ta'siri ostida sodir etilganligi, aybdorlarning muqaddam sudlanmaganligi, oilaviy sharoitlarini inobatga olib,1985 yilda tug‘ilgan, 4 nafar farzandi bo‘lgan Dilshodni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “e,k,l” bandlari (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) bilan aybli deb topdi. Mazkur kodeksning 57-moddasi tartibida 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. 1987 yilda tug‘ilgan, uch nafar farzandli, muqaddam sudlanmagan I.Umarjon va 1994 yilda tug‘ilgan bir nafar farzandli, muqaddam sudlanmagan M.Mirjamol Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (“Bezorilik”) bilan aybli deb topilib, mazkur kodeksning 57-moddasi tartibida har ikkisiga 1 yilu 6 oyga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.