3 Iyul 2024 Yil 721

Arzonning “sehri”

Istalgan buyumning o‘z narxidan bir necha marotaba arzon narxini aytsang, aksariyat odamlar darrov xaridor bo‘lishadi.  Buyumning o‘g‘irlangan bo‘lishi yoki “hojatbaror” aldab, chuv tushirmoqchi ekanligi haqida o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Ammo “arzon”degan so‘zning sehri bo‘lakcha. Eshitgan quloqning aqlu idrokini kishanlab, karaxt qilib qo‘yadi. Firibgarlarning eng sinalgan usullaridan biri ana shu.

Bekzod 2022 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi tomonidan firibgarlik jinoyati uchun 2 yilu 6 oyga axloq tuzatish ishlariga hukm qilinganiga qaramay, yengil boylik orttirish maqsadida yana jinoyatga qo‘l urdi.

Qahramonimiz 2023 yilning yanvarida  Feruza ismli ayol bilan tanishib, suhbatlashib qoldi. Aslida maqsadi ayolni firib qarmog‘iga ilintirish bo‘lgan Bekzod o‘zini uyali aloqa  kompaniyalaridan birida ishlashini, istasa “9999” raqamini olib berishini taklif qildi. Feruza 300.000 so‘mni sanab berdi. Bir necha kun o‘tib, Bekzod  ayolga uchrashishni taklif qildi. Yuqoridagi raqam sim-kartasini olib kelgan degan o‘yda xursand bo‘lgan Feruza  yasan-tusan qilib chiqdi. Bekzod ayoldan muloyimlik bilan shaxsiy turmushi haqida so‘radi. Bekzodning g‘amxo‘rligidan taʼsirlangan ayol telefon raqamini so‘rashni ham unutdi. Feruza farzandlarini yolg‘iz o‘zi tarbiyalayotgani, tor xonadonda tiqilib yashayotgani, topgan puli ijaraga arang yetayotganidan yozg‘irdi. “Olijanob firibgar” unga “samimiy” achinib, hayotda nomard erkaklar ko‘pligi, farzandlarni  taqdirini o‘ylamay, o‘z kayf-safosini o‘ylaydiganlardan nafratlanishini, tanish-bilishlari orqali Sergeli tumanidan subsidiyaga arzon uy olayotganini, istasa unga ham olib berishi mumkinligini aytib o‘tdi. Farzandlari bilan ijarama-ijara yashab yurgan Feruza uchun bu kutilmagan “baxt” edi. Boshlang‘ich to‘lovning 1700 AQSH dollari ekanligi esa ikki karra baxt edi. Feruza tanish-bilishlaridan pul yig‘ib o‘z xohishi bilan uning qo‘liga tutqazdi. Oradan ikki hafta o‘tib, Bekzod ayolga telefon qildi. Tezda 3.200 AQSH dollari topmasa puli kuyib ketishini aytdi. Aslida uyi kuyib ketayotganini sezmagan  ayol yana tanish-bilishlariga iltimos bilan murojaat  qildi. Bankdan mikroqarz olib unga 500 AQSH dollari tutqazdi.  Ertasi yana 400  AQSH dollari berdi. Shunda ham ko‘zi ochilmagan ayol ikki million so‘mni firibgarning plastik kartasiga o‘tkazdi. Ishtahasi ochilgan “mard” yana 3.200 dollar to‘lasa, uyning kaliti qo‘lida ekanligiga ishontirmoqchi bo‘ldi. Ammo ayol orzusiga yetay-yetay deganda, shuncha pul yeru ko‘kdan topilmadi. Feruza harchand urinmasin, tanishma-tanish, uyma-uy yurib pul qidirmasin pul topa olmadi. Berilgan muddat tugadi. Tushkunlikka tushgan, bo‘lajak uyini tushlarida ko‘rib, shirin xayollar og‘ushida yurgan Feruzaning umidlari chilparchin bo‘ldi. Yig‘lay-yig‘lay, arzon uydan umidini uzib, “najot parisi” bo‘lgan Bekzoddan ilgari bergan pullarini qaytarishini so‘radi. Tomosha shundan so‘ng boshlandi. “Olijanob”likdan asari ham yo‘q  muttaham telefonini ko‘tarmay, qochib yurishga o‘tdi. Avval qarz so‘rab  kovushini yirtgan ayol endi firibgarni izlab, yalangoyoq  qolganini fahmladi. Feruza ichki ishlar idoralariga murojaat qildi.

– Tergov davomida Bekzod yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi D.Sultonbekni ham chuv tushirgani aniqlandi. U o‘zini davlat tashkilotida ishlashini aytib haydovchini ishontirgan. Beminnat “hojatbaror”  “Mersedes-Bens-Atigo” og‘ir yuk avtomashinasiga  qayta jihozlash sifatida yuk ortuvchi moslama qo‘yishda hujjatlarni rasmiylashtirib berishni vaʼda qilib, 1400 AQSH dollari olib qorasini ko‘rsatmay ketgan, –deydi Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi TB tergovchisi, leytenant Akbarshoh Normurodov. – Ilgari ham uch marotaba firibgarlik jinoyati bilan sudlangan, retsidivist deb topilgan Bekzod panjara ortida o‘tirib ham tegishli xulosa  chiqarmagan ekan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudi tomonidan Bekzod O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168 va 28, 211-moddalari bilan aybli deb topilib, 60-61 moddalari tartibida Bekzodga besh yilu ikki oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech