26 Noyabr 2024 Yil 569

Qarz

        Kredit lotincha sreditum – “credo” – ishonaman, maʼqullayman soʻzidan olingan boʻlib, pul mablagʻlari, tovar va xizmatlarni ustama (foiz) toʻlab qaytarib berish sharti bilan maʼlum muddatga olishni anglatadi. Sodda qilib aytsak – qarz. 1990-yilda tugʻilgan D.Aziz oxirini chuqur oʻylamay-netmay qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotish bilan shugʻullanishni rejalashtirib, “Mercedes Benz-500” avtomashinasini garovga qoʻydi-da bankdan katta miqdorda kredit oldi. Biroq rejalashtirgan ishi foyda keltirish oʻrniga qarz girdobiga torta boshladi. Qarz u kimdan, qayerdan olinishiga qaramay toʻlanishi shart. Aziz sakkiz oy amal-taqal qilib belgilangan summani toʻlab keldi-yu, ammo toʻqqizinchi oyga kelganda suvga tushgan boʻlka nondek shalvirab qoldi. Choʻntak boʻm-boʻsh, keladigan daromadi yoʻq. Katta umid bogʻlagan ishi chappasiga ketdi. Hashamatli avtomashinasini u yoqdan-bu yoqqa koʻz-koʻz qilib uchirtirib yurgani bilan pul osmondan yogʻilmadi. Azizning boshi qotdi. Bu yoqda toʻlanmagan oylar uchun penya yozilyapti. Avtomashinasini sotay desa, shuncha “obroʻ”ni yoʻqotish, oshna-ogʻaynilari oldida kulgu boʻlish... Qanday qilsa six ham kuymaydi, kabob ham... Uzoq oʻylagan Aziz 2021yilning martida avtomashinasini sotuvga qoʻydi. 3-mart kuni X.Anvar qoʻngʻiroq qilib suhbatlashdi va oʻsha kuni qahvaxonalardan birida uchrashib, avtomashinani obdon koʻzdan kechirdi. Aziz avtomashina garovga qoʻyilgani haqida churq etmadi. Mashina 38.000 AQSH dollariga baholandi. Anvar Azizga 20.000 AQSH dollari berdi va ertasi kuniyoq avtomashinani notarius orqali rasmiylashtirib berishini, qolganini oʻsha yerda toʻlashini aytganida, Aziz hujjatlarda ozgina kamchiliklar borligi, ularni toʻgʻirlash uchun 20 kun muhlat soʻradi. Shuncha pulni bergan Anvar ehtiyotkorlik qilib, “unday boʻlsa, rasmiylashtirgan kunimiz toʻliq pullarni olasiz”, deganida Aziz unga faqat haydash huquqini beradigan ishonchnoma rasmiylashtirishga majbur boʻldi, lekin avtomashinani bermay oʻzi haydab yurdi. 27-mart kuni Aziz Anvarga bankdan qarzi borligi, avtomashina garovga qoʻyilganini aytishga majbur boʻladi va avtomashinani rasmiylashtirish va bank qarzini toʻlash uchun deb yalinib-yolvorib yana yetti ming AQSH dollari oladi-da avtomashinani berib yuborishdan boshqa chorasi qolmaydi. Ammo olgan pullarni bank qarziga toʻlamay oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi. Noyabr oyiga kelib qarzlari yana koʻpayib ketadi. Ungacha piyoda qolgan Aziz avtomashina oʻzining nomida ekanligidan foydalanib, noyabr oyida avtomashinasini qidiruvga beradi va Anvardan uni olib qoʻyadi. Anvar to ichki ishlar organlariga murojaat qilgunicha Aziz chaqqonlik qilib, aldov yoʻli bilan avtomashinani avval R.Qurbonga 23.600 AQSH dollariga soʻngra M.Shuhratga 30.000 AQSH dollariga sotib yuboradi.


       – Aziz ilgari 2010-yilda ham oʻgʻirlik jinoyati uchun sudlangan boʻlishiga qaramay, aldash va ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing molini qoʻlga kiritish maqsadida yana jinoyatga qoʻl uradi, – deydi Mirzo Ulugʻbek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi katta tergovchisi, podpolkovnik Behzod Ungbayev. – Bankdan olgan qarzini firibgarlik yoʻli bilan oʻzgalar hisobidan toʻlashni rejalashtirgan Aziz avtomashinasini undan olib bunga, bundan olib unga beraverib oʻzi ham adashib ketgan. Agarda jabrdiydalar oʻz vaqtida ichki ishlar organlariga murojaat qilishmaganda bu nayrangi qachongacha davom etardi, oʻziga ayon. 


          Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudi X.Anvarning qilmishini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning qilmishiga pushaymonligi, jabrdiydalarga yetkazilgan zararni toʻliq qoplaganligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 57-moddasini qoʻllab, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda uch yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech