Respublikamiz hududlarida jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari huquqiy fuqarolik jamiyatini yaratish yo‘lidagi ustuvor vazifalardan biri. Bu borada Prezidentimiz tomonidan qator me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, respublikamizda, xususan, poytaxtimizda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, jamoat tartibini ta’minlash, jinoyat hamda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan aniq va muhim vazifalar belgilanib berilmoqda. Ta’kidlamoq joizki, qabul qilinayotgan hujjatlarning avvalo mazmun-mohiyatini, bundan ko‘zlangan ezgu maqsadlarni anglash hamda ijrochilarga tushunarli tarzda yetkazish, ijro samaradorligini ta’minlash uchun tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilishi ko‘zlangan natijaga yetaklovchi muhim omildir. Shu maqsadda Respublika IIVda tuzilgan ishchi guruh tomonidan Toshkent shahar IIBB sohaviy xizmatlari, tarkibiy tuzilmalari, barcha tuman IIO FMB shaxsiy tarkibiga mazkur qarorlar mazmun-mohiyatini yetkazish maqsadida sayyor o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar Prezidentimiz tomonidan “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “2026 yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari mazmun-mohiyatini chuqur o‘rganish hamda ijrosini ta’minlashga qaratildi. Mashg‘ulotlar Respublika Ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish boshqarmasi bosh inspektori, podpolkovnik G‘.Abdullayev, IIV Malaka oshirish instituti o‘qituvchisi, podpolkovnik B.Yusupov hamda IIV Akademiyasi o‘qituvchisi, podpolkovnik K.Ubaydullayevlar tomonidan o‘tkazilib, zamonaviy interfaol uslublar asosida olib borildi. Ma’ruzachilar mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlashda ijtimoiy-profilaktika samaradorligini oshirish ustuvor vazifa ekanligiga urg‘u berishdi.
Shuningdek, jinoyatchilikni kamaytirish, ayniqsa oila-turmush munosabatlari doirasidagi, ayollar va yoshlar ishtirokida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlarning asl kelib chiqish sabablarining ilmiy yondashuvlar asosida tahlili yuzasidan tushuntirishlar berildi. O‘quv-seminar yakunida Prezident qarorlarida belgilangan vazifalarni amaliyotga to‘liq tadbiq etish, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq tavsiyalar berilib, tegishli vazifalar belgilab olindi.