Joriy yilning 5 yanvarida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati Toshkent shahar IIBB shaxsiy tarkibi tomonidan keng ko‘lamda o‘rganilib, qaror ijrosini samarali ta’minlash maqsadida Bosh boshqarma quyi tizimlari shaxsiy tarkibiga ham yetkazildi. Xususan, qarordan ko‘zlangan asosiy maqsadlarga: ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirishni ustuvor vazifa etib belgilangani holda mahallalarda xavfsiz muhitni ishonchli ta’minlash bo‘yicha manzilli profilaktik chora-tadbirlar tizimini joriy etish orqali jinoyatchilikni keskin kamaytirish, oila turmush munosabatlari doirasida hamda ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning asl sabablarini ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilish orqali ularning barvaqt oldini olish, har qanday noqonuniy holatlar yuzasidan murojaatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish tizimini yaratish, bu boradagi faoliyatni bevosita joylarda samarali yo‘lga qo‘yish kabi masalalar alohida ta’kidlab o‘tildi. Qarorning mazmun-mohiyatidan kelib chiqilib, mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha samarali tizimni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan manzilli ishlarni tashkillashtirish yuzasidan kriminogen vaziyati og‘ir hisoblangan hududlar mas’ul rahbarlar va mutasaddilarga nomma-nom biriktirilmoqda. Ular tomonidan mahallalarni ijobiy tomonga o‘zgartirish yuzasidan aniq va samarali ish rejalari belgilab olinmoqda.
Bundan tashqari manfaatdor vazirlik va idoralar bilan oila-turmush doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan nizoli oilalar haqidagi ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va monitoringini yuritish imkonini beruvchi “E-ijtimoiy profilaktika” axborot tizimining “E-nizoli oila” modulini joriy etish hamda sudlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri integratsiya qilish, “Mening inspektorim” mobil ilovasini ishlab chiqish va ommalashtirish choralarini jadallashtirish masalalariga jiddiy yondashilmoqda. Qarorda belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirilishi poytaxtimiz mahallalarida tinchlik-osoyishtalikni, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar haq-huquqlarini kafolatlash, huquqiy savodxonligini oshirishga katta hissa qo‘shadi.