7 Mart 2025 Yil 426

Qaror ijrosi poytaxt tumanlari kesimida

Har bir sohada bajarilgan ishlar sarhisobi asosida, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, ish faoliyatini zamon talablariga mos ravishda tashkil etish masalalari muhokama etilib, chora-tadbirlar belgilanadi. Poytaxtning Yunusobod tumanidagi jinoyatchilik tahlillari asosida idoralararo muvofiqlashtirish hududiy ishchi guruhi tuzilgan. Guruh a’zolarining vazifalari taqsimoti belgilangan. Ta’kidlash joizki, 6 ta “qizil”, 51 ta “sariq” va 7 ta “yashil” toifalarga kiritilgan mahallalarda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori asosida ishni tashkillashtirish yuzasidan mahalla yettiligi, mas’ullar va mutasaddilar ishtirokida 70 dan ortiq suhbat va o‘quv seminarlari o‘tkazildi.
Ayni damda dolzarb bo‘lgan kiberjinoyatlardan aholini himoya qilish, kiberfiribgarliklar qurboni bo‘lib qolmaslikning oldini olish borasida mahallalarda keng aholi qatlamini jalb qilgan holda yetmish marotaba profilaktik, ogohlantirish ishlari olib borildi.


Huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarga nisbatan avtomatlashtirilgan tartibda ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirish uchun tayyorlangan 200 dan ortiq xulosalar ijroga yo‘naltirildi. Mahalla xotin-qizlari, tarbiyasi og‘ir yoshlar, probatsiya hisobida turgan shaxslarning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishga qaratilgan ta’sirchan, manzilli suhbat va uchrashuvlar, tushuntirish ishlari 90 dan ortiq marotaba o‘tkazilgan bo‘lsa, notinch, ajrim yoqasida turgan oilalardagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha jamoatchilik kengashlari, din vakillarini jalb qilgan holda 40 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi.


Yoshlarning bandligini ta’minlash, internet tarmoqlari orqali berilayotgan turli salbiy, millatimiz va qadriyatlarimizga yot g‘oyalardan, jinoiy da’vatlardan asrash, himoya immunitetini shakllantirish maqsadida mahallalar yoshlari bilan ikki yuzga yaqin, maktablarda esa voyaga yetmagan o‘quvchi yoshlar bilan mingdan ortiq “Davomat”, “O‘quvchi”, “O‘smir” tadbirlari olib borildi. Bu tadbirlar jarayonida uzoq muddatga ketib, dars qoldirayotgan 38 nafar, muntazam dars qoldirayotgan 60 nafar, ota-ona nazoratidan mahrum 16 nafar, boquvchisini yo‘qotgan 17 nafar, tarbiyasi og‘ir hisoblangan 57 nafar bolalar aniqlanib, tegishli idora va mutasaddilarga taqdimnomalar kiritilgan. Maktab o‘quvchilarining muammolarini o‘rganish borasida 28 marotaba “Rahbar va yoshlar uchrashuvlari” tashkillashtirildi. Do‘stona va samimiy suhbatlarda o‘qish jarayoni, o‘qituvchi va o‘quvchi, tengdoshlar-maktabdoshlar o‘zaro munosabatlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlar o‘rganilib, tegishli maslahat va tavsiyalar berilgan.


Shuningdek, mahalla ahlining aksariyatini tashkil qiluvchi xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish orqali 104 nafar ayollarning murojaatlari ijobiy hal qilinishiga erishildi. Reproduktiv salomatligini tiklashga muhtoj bo‘lgan 144 ayolga tibbiy muolajalar uchun imtiyozli yo‘llanmalar ajratildi. 368 nafar ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlarning ro‘yxati shakllantirildi. 107 nafar ishsizlar ro‘yxatida turuvchi shaxslarning 72 nafariga ish joylari tavsiya qilinib, 33 nafari kasb-hunarga yo‘naltirildi. 20 nafar fuqarolar Tashqi migratsiya agentligi orqali xorij davlatlariga ishga yuborilgan. Muqaddam sudlangan va ma’muriy nazoratda turuvchi 9 nafar fuqaro bilan tushuntirish, huquqiy suhbatlar o‘tkazilib, ulardan 5 nafarining bandligi ta’minlandi. Mahallalar hududida sodir etilgan yigirmaga yaqin jinoyat va huquqbuzarliklar keng jamoatchilik ishtirokida muhoqama qilinib, jamoaviy ta’sir choralari qo‘llanildi. Yuqoridagi qarorning ijrosini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida, o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilgan “qizil” va “sariq” toifadagi ko‘chalarda joylashgan to‘qsonga yaqin savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari “Qo‘riqlash” xizmatiga ulangan bo‘lsa, bozorlar, savdo majmualari hududlarida o‘ndan ortiq kuzatuv va nazorat kameralari o‘rnatildi. “Qo‘riqlash” xizmati tomonidan mingdan ortiq obyektlar xatlov qilindi hamda “Hudud kamera nazoratida”, “Obyekt qo‘riqlovda” “Xonadon qo‘riqlovda” kabi 350 ga yaqin stikerlar yopishtirildi.


Bu kabi profilaktik tadbirlar, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan maqsadli va manzilli amaliy ishlar izchil ravishda davom ettiriladi.

Barcha yangiliklar

Navbatchilik qismi

102

Ishonch telefoni

1102

Turistlar uchun

1173

Text to speech

Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:

Matn xato bilan:

Sizning izoxingiz yoki to`g`ri versiya: