22 Fevral 2025 Yil 844

Qaror ijrosi bilan ahamiyatli

Jinoyatni ochishdan ko‘ra uni oldini olish afzaldir. Buning uchun esa nafaqat ichki ishlar xodimlari balki, mahalla faollari, mahalla ahli, mutasaddilar ham bir yoqadan bosh chiqarib birgalikda faoliyat yuritmog‘i lozim. Loqaydlik va beparvolikni yig‘ishtirib ogohlik va hushorlikni oshirmoq orqali ko‘ngilsiz va salbiy holatlarga barham berish mumkin. Shu o‘rinda Chilonzor tumani 3-sektor rahbari Ne’matullo Xaydarov tomonidan kriminogen vaziyati og‘ir hisoblanib, qizil toifaga kiritilgan “Navbahor” mahallasida mahalla yettiligi a’zolari va tegishli mas’ul idora xodimlari ishtirokida O‘zbekiston respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan amaliy o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Avvalo, mahalla yettiligi a’zolari tomonidan biriktirilgan hududda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, jinoyatlar va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar o‘rganildi. Mahallada besh mingga yaqin turli millat vakillari istiqomat qilib kelishadi. Mahalla hududida 15 ta ko‘p qavatli uylarda 1263 ta xonadon mavjud bo‘lib, ularda ikki mingdan ortiq fuqarolar yashashadi. Aholi istiqomat qilib kelayotgan xonadonlarning 408 tasi shu kunga qadar o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijasida 3 nafar shaxs ishga joylashtirildi, bir nafariga kasb egallashi uchun qisqa kurslarga yo‘llanma berildi, 5 nafarining bandligi ta’minlangan bo‘lsa 13 nafar shaxslar bilan o‘tkazilgan suhbatlarda huquqiy tushuntirish va tavsiyalar berildi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan ammo moddiy yetishmovchilik tufayli zaruriy tikuv mashinkasini xarid qilish imkoniga ega bo‘lmagan fuqaro S.Karimovaga N.Haydarovning tashabbusi hamda homiylarning yordami bilan tikuv mashinkasi olib berildi. Fuqarolarning yashash shart-sharoitlarini o‘rganish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, tegishli baho berilgach, N.Haydarov qabul qilingan qarorning mazmun-mohiyatiga to‘xtaldi. Shuningdek, qarorning bandlaridan kelib chiqib kelgusida qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi. Qarorning ijrosini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar boshqa tumanlarda ham davom ettirilmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech