18 Iyun 2024 Yil 490

Harom luqma – halokat

Maʼnaviy boylik hamisha moddiy boylikdan ustun. Zotan, insonning hayotga to‘g‘ri munosabatini shakllantiruvchi, baxtli yashashining kafolati—maʼnaviyat. Farovonlik va baraka, hayotdan mamnunlik tuyg‘usi  maʼnaviy boylik ortidan kelishi shubhasiz. Bejizga halol luqma haqida ko‘plab rivoyatlar, ibratli hikoyalar, maqollar yaratilmagan. Holbuki, ular yuzlab yillik inson tajribasidan kelib chiqib aytilgan. Harom luqma inson umrining zavoli, tanazzuli ekanligiga quyida keltiradigan voqea ham yaqqol misol bo‘ladi.

Abzal o‘ttiz yoshni ortda qoldirgani bilan biror tayinli ishning boshidan tutmadi. Tunu kun xayolida – ishlamay pul topish, ter to‘kmay shohona yashash. Qabih orzulari shaytonning qulog‘iga yetib bordimi,  kunlarning birida vodiyga yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi Aziz ismli yigit bilan uchrashtirdi. Abzal bir necha yildan beri bemorligi, kuchli taʼsir etuvchi dori isteʼmol qilishi, o‘z isteʼmoli uchun falon dorini topib bersa “rozi” qilishini aytdi. Aziz ham shuni kutib turgandek,  agarda Abzalning mazkur moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tanishlari bo‘lsa, bu ishni yo‘lga qo‘yish orqali mo‘may daromad olish mumkinligini bildirdi. Shundoq ham fikri-zikri jonini koyitmay pul topish bo‘lgan Abzalning tinchi buzildi. U eski tanishi, Farhodning oldiga kelib, “tez orada boyib ketish imkoni borligini” aytganda, Farhod  o‘ylab ham o‘tirmay uni qo‘llab-quvvatladi. Va “pochiniga” yigirma million pul tikdi. Navbat internet orqali  “kanal” ochishga kelganda, bu borada ikkisi ham no‘noq ekanligi maʼlum bo‘ldi. Ammo qalovini topishdi.

Farhod Shahzod ismli tanishi bu ishni do‘ndirishini aytib uni ham o‘z ishiga sherik qildi. telegram orqali onlayn–do‘kon ishga tushdi. Abzal vodiyga Aziz bilan uchrashishga yo‘l oldi. Buyurtma Azizning qo‘liga tegishi bilan savdo boshlandi. Shahzod o‘z navbatida tovarlarni manzillarga eltib, ovloq joylarga yashirib keluvchi yugurdaklikka Sharifni yolladi. Ish yurishib Farhod va Abzalning qo‘li-qo‘liga tegmay qoldi. Bir oyog‘i Toshkentda, bir oyog‘i vodiyda. Lekin  harom pul bor joyda albatta,  adovat, gina-kudurat, kelishmovchilik bo‘lishi turgan gap. Bir muddat o‘tib “kanal”ning barakasi uchganini sezgan Farhod Shahzod bilan uchrashib, o‘zi “kanalni” yuritishini aytib, undan telefon raqami hamda apparatini olib qo‘ydi. O‘z xavfsizligini o‘ylab, “kanal” ishini yugurdak Sharifga topshirdi.

Necha-necha insonlar umri, salomatligini yemirish, zaharlashga qaratilgan “ish”dan kelayotgan harom pullar bu jinoiy guruhning ishtahasini ochib yuborgan, ular borgan sari “dorilar” xilma-xilligini ko‘paytirib, sonini oshirib buyurtma berishardi.

Ehtiyotkorlikni unutgan dorifurushlar  navbatdagi  partiyani olib vodiydan poytaxt tomon yo‘lga chiqishdi. Yo‘l-yo‘lakay “zakaz”larni tarqatib, keyingi manzilga yo‘l olishdi, biroq yetib borishmadi.  

Mirzo Ulug‘bek tumani Qorasuv mavzesida xizmat olib borayotgan YPX xodimlari tomonidan avtomashina to‘xtatildi. Avvaliga ular dag‘dag‘a va po‘pisa bilan xodimlarga baland kelishga urinishdi. Tegishli idora xodimlari hamkorligida tezkor reyd o‘tkazilayotgani, avtomashinani tekshirish lozimligi tushuntirilganda, dorifurushlar yorilgan pufakdek  shalvirab qolishdi. Tekshiruv natijasida yo‘lovchi o‘rindig‘idan polietilen paketga o‘ralgan 144 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari xolislar ishtirokida  olindi. Farhodning ustidagi kiyimning cho‘ntagidan 11 dona kapsula shaklidagi dori vositalari olinib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi. Tergov jarayonida jinoiy guruhning qolgan aʼzolari aniqlanib, xonadonlarida tintuv o‘tkazilganda, Abzalning xonadonidan 70 dona, avtomashinasining yukxonasidan uch xil turdagi jami 396 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari olindi. Shuningdek, Sharifga tegishli avtomashina  ko‘zdan kechirilganda, salon ichidagi erkaklar sumkasi ichidan va haydovchi eshigidan yashirib qo‘yilgan ikki xil nomdagi jami 333 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari xatlandi.

Tergovda Farhod aybini bo‘yniga olmadi. Garchi ashyoviy dalillar xonadoni, avtomashinasidan topilganiga qaramay, “ko‘rmaganman, bilmayman, eslay olmayman”, deb turib oldi. Biroq guvohlar, olingan ashyoviy dalillar uning aybini to‘liq isbotlagan edi. Sud unga qonunda ko‘zda tutilgan jazoni belgiladi: 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sharif va Abzallarning toksikomaniya kasalligiga chalinganini  eʼtiborga olib, sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash bilan birga, jazoni o‘tash joylarida majburiy ravishda davolanishi haqida hukm chiqardi.

Barcha yangiliklar

Text to speech