27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Toshkent shahar IIBBda faoliyat yuritayotgan soha vakillarini taqdirlash tadbiri o‘tkazildi. Unda IIBB rahbariyati, Axborot multimediya markazi va IIBB YHXB Axborot xizmati xodimlari ishtirok etdi. Poytaxt IIBB boshlig‘i, general-mayor Aziz Tashpulatov axborot xizmati jamoasini kasb bayrami bilan tabriklar ekan, o‘z tabrik so‘zida bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda axborotlar oqimining rang-barangligi, maʼlumotlarga bo‘lgan ehtiyojlar fuqarolarimizning hayotida muhim ahamiyatga egaligini taʼkidladi. Aholimiz eʼtiboriga to‘g‘ri, haqqoniy va xolis maʼlumotlarni yetkazish borasidagi jurnalistlar, blogerlar va matbuot xizmati vakillarining mashaqqatli mehnatlariga to‘xtaldi. Chunonchi, poytaxtimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurash, aholining huquqiy bilim va saviyalarini oshirish, ularning murojaatlari va ehtiyojlarini o‘rganish, hal etishda, jamoatchilik fikrini shakllantirishda axborot xizmati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni eʼtirof etdi.
Poytaxt IIBB Axborot va multimedia markazi xodimlarining mehnatlarini yuksak eʼtirofi sifatida xodimlarga Faxriy yorliq va pul mukofotlari tantanali tarzda topshirildi.