17 Iyun 2025 Yil 443

Anvar Sayfutdinov profilaktika inspektorlari bilan jamoat xavfsizligi masalalarini muhokama qildi

Mirobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi katta faollar zalida jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Anvar Sayfutdinov, tuman IIO FMB boshlig‘i Otabek Xadjayev, profilaktika inspektorlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda aholi tinchligi va xavfsizligini ta’minlashda profilaktika inspektorlari faoliyatining o‘rni beqiyos ekani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, mahallalarni obod va xavfsiz hududga aylantirishda ularning “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan ishi samarali natijalar berayotgani qayd etildi.

Bu kabi tizimli yondashuvlar o‘z natijasini berayotgani 2025-yilning birinchi besh oyi yakunidagi tahlillarda ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Xususan, tumandagi 39 ta mahallaning 32 tasida — ya’ni 82,1 foizida jinoyatlar soni kamaygan. Qolaversa, 3 ta mahallada (7,7%) umuman jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagani huquqni muhofaza qilish sohasidagi ijobiy o‘zgarishlarning yaqqol tasdig‘idir.

Tadbir davomida ochiq muloqot tashkil etilib, profilaktika inspektorlari o‘z xizmat faoliyatida duch kelayotgan muammo va takliflarini bayon etishdi. Ularni hal etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Tadbir yakunida xizmat burchini vijdonan ado etayotgan, jinoyatchilikka yo‘l qo‘ymagan hamda faoliyati bilan boshqalarga namuna bo‘layotgan bir guruh profilaktika inspektorlari tuman hokimining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Mazkur uchrashuv profilaktika xizmatini yanada takomillashtirish, mahallalarda barqaror jamoat tartibini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

© Mirobod tumani hokimligi Matbuot xizmati

Barcha yangiliklar

Text to speech