16 Yanvar 2025 Yil 321

Ana, xolos...

Mahalla fuqarolar yig‘inlariga katta vakolat, imtiyoz va qulayliklar berilib, ularning asosiy vazifalari - shu hududda yashayotgan fuqarolarning og‘irini yengil qilish, muammolarini birgalikda hal etish, munosib yashash shart-sharoitlarini yaratish, kam taʼminlangan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz, qarovsiz qolganlarga yordam ko‘rsatish, mahalla obodligini taʼminlash kabilardan iborat. Biroq bu ishlarga masʼul bo‘lganlar o‘z xizmat mavqelaridan foydalanib, qonunbuzilishlariga yo‘l qo‘ysa, jinoyatga qo‘l ursa tushunish qiyin. A.Hayitboy poytaxt tumanlaridan biridagi mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlarga yordam berish masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi. O‘z xizmat vazifalariga ko‘ra u mehnat birjalari bilan hamkorlikda mahalla fuqarolarining bandligini taʼminlashi, o‘z biznesini ochmoqchi bo‘lganlarga, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga ahd qilgan shaxslarga qonuniy, ijtimoiy va boshqalarda yaqindan yordam berishi kerak edi. Mehnat birjasiga navbatdagi tashrifi chog‘ida, aniqrog‘i 2021 yilning iyun oyida Hayitboy bu dargohga ish izlab kelgan U.Dilnozani uchratib qoldi. Uni suhbatga tortib, bildiki, ayol tadbirkorlik bilan shug‘ullanish niyatida. Bu yo‘lda har ishga tayyor. Vazifasi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ularga yordam berish ekanligini aytgan Hayitboy, ko‘plab tadbirkorlarga yordam berganligini, hozirda ular o‘z biznesiga ega ekanligini maqtab so‘zladi. Ayolga savdo do‘koni binosi topib berishni, tadbirkorlikka doir barcha “mayda-chuyda” ishlarni zimmasiga olishni aytib, “xizmatini” 500 AQSH dollariga chaqdi. Ayol rozi bo‘ldi va do‘kon egasiga tezroq aylanish ishtiyoqida pulni ertasigayoq keltirib berdi. Bu ishni tezda bitirib bo‘lmasligini shaʼma qilgani uchun Dilnoza bir oz kutib tursin. Hayitboyning keyingi qilmishlari bilan tanishamiz. Mehnatsiz kelgan pullar Hayitboyga “ilhom” berib, shu oyning o‘zidayoq yana bir tadbirkorlikka jazm etgan A.Gulnozani laqillatib, go‘yoki mahalla hududida yangi qurilajak kutubxona majmui yonidan do‘kon ochib berishni vaʼda qilib, undan 1000 AQSH dollarini oladi. Dilnoza do‘kon masalasida qo‘ng‘iroq qilganda, “hojatbaror” ishlar risoladagidek ketayotgani, hademay do‘kon hujjatlarini topshirishini, biroq yana bir “zo‘r” taklifi borligi, uni o‘ziga yaqin olgani uchun, ishongani uchungina aytishini taʼkidlab, uchrashuvga chaqiradi. Qahvaxonada tamaddi qilish chog‘ida u birgalikda avtomashinalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanishni, daromadni teng taqsimlash taklifini beradi va ayolni kredit rasmiylashtirishga undaydi. Dilnoza xayolida oqib kelayotgan pullarni ko‘z oldiga keltirarkan, aqlini yo‘qotib, bankdan 36.000.000 so‘m qarz ko‘taradi. Bu ayollar Hayitboyning tuzog‘iga tushganini anglamay, kutib turishsin, gapni qahramonimizning keyingi jabrdiydasiga qaratamiz. U mahalla fuqarosi t.Rustambekni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga qiziqtirib, uy topib berishga vaʼda beradi. Va o‘zi kreditga olgan uyini ko‘rsatadi. Boshlang‘ich to‘lov sifatida Rustambekdan 31.000 AQSH dollari, xuddi shu uyni ko‘rsatib fuqaro Yu.Mansurbekdan aprel oyidan avgust oyiga qadar 48.000 AQSH dollari oladi. Mansurbek go‘yoki xarid qilgan uyida taʼmirlash ishlarini boshlash niyatida “uyiga” kelib, u yerda umuman boshqa odam “bu uyni men sotib olganman”deb, o‘zaro janjallashmagunicha laqillab qolganini bilmaganida, ichki ishlar organlariga murojaat qilmagan bo‘lardi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudi ochiq sud majlisida 1989 yilda tug‘ilgan A.Hayitboyning qilmishini qonunan ko‘rib chiqdi. Uning qilmishiga pushaymonligi, ikki voyaga yetmagan farzandi borligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligi, muqaddam sudlanmaganligi, jabrlanuvchilarning moddiy va maʼnaviy daʼvolari yo‘qligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Jinoyat kodeksining 45-moddasini qo‘llab, mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan bir yilga mahrum qilgan holda Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida, yaʼni 54.000.000 so‘m jarima jazosi tayinladi.

Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Yangihayot tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Ixtiyor Maxammatovning ish yurituvidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech