20 Avgust 2025 Yil 469

Hamshira-trener-ichki ishlar xodimi

Navoiy davlat pedagogika institutini bitirgan Nilufar bir oz muddat bolalar sport maktabida trenerlik qildi. Ishi qiziqarli va foydali bo‘lsa-da taqdir yo‘llari uni ichki ishlar organlariga yetaklab keldi. 2018 yilda Toshkent viloyati Milliy gvardiyasi saflarida ilk faoliyatini boshlagan Nilufar Rahmatova bugungi kunda Toshkent shahar Chilonzor tumani IIO FMB Qo‘riqlash bo‘limi xizmat bo‘yicha inspektori, kapitan lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Mustaqilligimiz tengdoshi bo‘lgan Nilufar Rahmatova o‘z xizmat vazifalarini bajarish barobarida bo‘lim xotin-qizlar kengashi raisi hamdir. Jamoatchilik topshiriqlari qatorida xizmat vazifalarini a’lo darajada bajarib, poytaxt hududida tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklar profilaktikasiga munosib hissasini qo‘shib kelayotganidan mamnun. Xalq xo‘jaligi, sanoat obyektlari, xonadonlar qo‘riqlovini ishonchli hamda kafolatli ta’minlash, xodimlar faoliyatini nazorat qilish asosiy vazifalaridan biridir. Shuning bilan birga, xodimlarning ijtimoiy-maishiy muammolarini o‘rganish, tibbiy-ruhiy holatiga e’tibor masalalari ham diqqat markazida. Har bir xodimning xizmat vazifalarini vijdonan bajarishi, ishga o‘zini fido etishi uning oiladagi tinchligi, xotirjamligiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Kimdir farzandini bog‘chaga, qaysi biridir maktabga joylashtira olmay, yana biri bemor yaqinlariga ko‘mak berishga qiynaladi: xullas, har bir oila, har bir insonga xos bo‘lgan tirikchilik tashvishu quvonchlari xodimlarga ham begona emas. Ular ham qo‘llab-quvvatlash, dalda, ko‘makka muhtoj insonlardir. Ana shu dunyoviy tashvishlarni rahbariyat, mas’ullar bilan hamkorlikda bartaraf etish, insoniylik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishda lavhamiz qahramonining o‘ziga xos o‘rni bor. Shu o‘rinda pedagogik institutiga o‘qishga kirishdan avval Nilufar onasi hamshira bo‘lganligi bois, onasini ko‘ngliga qarab tibbiyot bilim yurtini bitirib, tuman shifoxonasida hamshira bo‘lib ishlaganligini eslatib o‘tish joiz. Holbuki, insonlar dardu tashvishini his etish o‘shandan boshlangan desak, mubolag‘a bo‘lmas.
– Men mustaqillik bilan birga ulg‘aymoqdaman, – deydi kapitan Nilufar Rahmatova. – Orzularimni ro‘yobga chiqarishda harakatlarim erkin, barcha imkoniyat eshiklari ochiq. Eng asosiysi, yurtimda tinchlik, farovonlik, mo‘l-ko‘lchilik hukmron. Qayga boqmang, yuksalish, bunyodkorlik, rivojlanish shohidi bo‘lasiz. Halol mehnat qilsangiz, qadringiz baland. Bunday yurtni sevmay, e’zozlamay bo‘ladimi?!

Barcha yangiliklar

Text to speech