30 Iyun 2025 Yil 655

Qalb amri bilan

Ichki ishlar organlarida ishlashni qalb amriga ko‘ra tanlaganlar aksariyatni tashkil qiladi. Shundaylardan biri poytaxtimizning Yunusobod tumani IIO FMB profilaktika inspektori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan leytenant Behzod Jumayevdir. Qahramonimiz Navoiy davlat pedagogika institutini tamomlagach, bir necha yil umumta’lim maktabida muallimlik qildi. Bolalarga ta’lim berish vaqtida huquqiy savodxonlikning, huquqiy madaniyatning yetarli emasligi oila, farzand tarbiyasidagi ayrim kemtiklarga sabab ekanligini angladi. Muallimlik davri unga o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tadi. Behzod 2022 yilda Toshkent shahar IIBBga hujjatlarini topshirdi. Aholi bilan ishlash ko‘nikmasi, bilim va tajribaga ega bo‘lgan, intiluvchan, o‘ziga talabchan, mas’uliyatli yigit barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib poytaxtning Yunusobod tumani 2-IIB profilaktika inspektorligiga tayinlandi. U ustozi: profilaktika katta inspektori, mayor Odil Qo‘ldoshevning boshchiligi va nazoratida nimaiki o‘rgangan bo‘lsa, barchasini amalda qo‘llab kam bo‘layotgani yo‘q. U ish boshlagan “Sevinch” mahallasining “qizil” toifadan yashil toifaga o‘tishida ana shu ko‘nikma va ustozining bergan bilimlarining o‘rni katta. Mahallada o‘n ikki mingga yaqin turli millat vakillari tinch-totuv istiqomat qilib keladi. Uch yarim mingdan ko‘proq oila vakillarining osuda-omon, erkin umrguzaronlik qilishi, o‘qish, mehnati zavqi va samarasidan bahramand bo‘lib yashashi uchun mahalla obod va tinch bo‘lishi zarur. Ana shu zarurat esa betinim harakat, mahalla yettiligi, faollari, mutasaddi tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda profilaktik tadbirlar o‘tkazish, aholining har bir murojaati, ularni qiynab kelayotgan muammolariga birgalikda yechim topish bilan ta’minlanadi, albatta. Leytenant B.Jumayev mahalla raisi Murodilla Saidxo‘jayev, mahalla yettiligi, faollari va mas’ul xodimlar bilan bir yoqadan bosh chiqarib mazkur savollarga javob topish yo‘lida. Uzoqqa bormaylik joriy yilning aprel-may oylarida o‘tkazilgan giyohvandlik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash oyligida hushyorligi bois ikkita jinoyatni fosh etdi. Zahri qotilni tarqatishga uringan 22 yoshli Botir T. hamda 28 yoshli Erkin S.ning jinoiy harakatlariga chek qo‘ydi. O‘z vazifasiga sidqidildan yondashib, mahalla tinchligi-osudaligini ta’minlab kelayotgan Behzod rahbariyat tomonidan bir necha bor rag‘batlantirilgan.
– Behzod xizmatda yosh bo‘lishiga qaramay, o‘z vazifalariga o‘ta mas’uliyat hamda tirishqoqlik bilan yondashadi, – deydi Yunusobod tumani IIO FMB 2-sonli IIB boshlig‘i, podpolkovnik Abdushukur Abdufattohov. – Fuqarolar bilan xushmuomala, berilgan topshiriqlarni vaqtida bajaradi. Aholi murojaatlari, xabarlariga tezkorlik bilan munosabat bildiradi. Aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini muntazam ravishda olib borishi natijasida mahallalarimiz tinch-osuda.
Leytenant Behzod Jumayev o‘z vazifalarini sidqidildan bajarish, mahalla hayotida faol ishtirok etish bilan birga rafiqasi –hamshira Nozigul bilan ahillik va birgalikda ikki voyaga yetmagan farzandlarining tarbiyasiga mas’ul. Oila tinch bo‘lsa mahalla tinch, mahalla tinch bo‘lsa yurt tinch. Buni chuqur anglagan Behzod mahalla tinchligi-osoyishtaligini saqlash yo‘lida barcha imkoniyatlarini ishga solishiga shubha yo‘q.

Barcha yangiliklar

Text to speech