Shayxontohur tumanida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi
Yoshlar kelajagimiz. Ularni milliy an’analarimiz, qadriyatlarimiz, boshlagan ezgu ishlarimizning xayrli davomchilari, barkamol avlod qilib tarbiyalash bizning burchimizdir. Mazkur jarayonga davlat siyosati darajasida e’tibor berilayotgani bejiz emas. Mas’ullar tomonidan yoshlar bilan ochiq muloqot, davra suhbatlari, uchrashuvlar o‘tkazilishi ana shu ezgu maqsadlarni qamraydi. Shayxontohur tumani IIO FMB boshlig‘i, polkovnik Otabek Jamolov tomonidan tumandagi “Sarxumdon” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida o‘tkazilgan “Rahbar va yoshlar” tadbiri ham ana shu mavzularni o‘z ichiga oldi. Unga bevosita mazkur mahallada yashovchi, Probatsiya hisobida turuvchi “qizil toifa”ga mansub yoshlar jalb qilindi. Uchrashuvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan giyohvandlikka qarshi kurash, kibermakonda ildiz otayotgan turli firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlardan foydalanib sodir etilayotgan tovlamachilik va boshqa jinoyatlar haqida ma’lumotlar keltirilib, ulardan himoyalanish, kibergigiyena talablari bo‘yicha tavsiya va yo‘riqlar berildi. Ma’ruzalar yakunida ishtirokchi yoshlarning muammo va murojaatlari tinglanib, 8 nafarining murojaati uchrashuv zalining o‘zida ijobiy hal etildi, 4 nafariga huquqiy tavsiyalar berilib, 3 nafariniki muddat belgilanib nazoratga olindi. Jumladan, probatsiya hisobidagi M.Gulnoza yashash manzilini o‘zgartirayotgani sababli duch kelgan muammolar shu joyning o‘zida yechimini topgan bo‘lsa, D.Kamolaning ishga joylashish borasidagi murojaatini hal qilish borasida mahalla yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektorlariga tegishli topshiriqlar berildi. Uchrashuv so‘ngida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga huquqiy javoblar olishdi.
Shuningdek, tuman IIO FMB boshlig‘i O.Jamolov, uning o‘rinbosarlari hamda tuman Soliq boshqarmasi boshlig‘i X.Mulladjanovlar tumanda joylashgan Renessans ta’lim Universitetiga tashrif buyurishdi. Oliy o‘quv yurti ma’muriyati va talabalari ishtirok etgan uchrashuvda mas’ullar poytaxtimiz hududida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz kibermakon” oyligidan ko‘zlangan maqsadning mazmun-mohiyatiga to‘xtaldilar. Ushbu mavzuning naqadar dolzarbligi, aksariyat fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimiz yengil pul topish ilinjida ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarlik va kiberjinoyatlarning qurboniga aylanib qolayotganligiga urg‘u berishdi. Shu bilan birga yig‘ilish ishtirokchilariga tarmoqlardagi kontentlarga ishonavermaslik, o‘z shaxsiy ma’lumotlari, mablag‘larini himoya qilish bo‘yicha tavsiya va maslahatlar berildi.
Bu kabi profilaktik, ogohlantirish tadbirlari tumanning barcha mahallalari, o‘quv yurtlari va muassasalarida muntazam ravishda o‘tkazilmoqda.