Poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan Innovatsiya markazi binosida Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining navbatdagi sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi. Olmazor va Shayxontohur tumanlari aholisi uchun tashkillashtirilgan mazkur qabulda fuqarolar o‘z muammolari va masalalariga huquqiy javob olish, ortiqcha yugur-yugursiz murojaatlariga yechim topish maqsadida IIBB rahbariyatiga yuzlanishdi. Poytaxt IIBB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev har bir fuqaroning murojaatlarini tinglar ekan, imkon qadar ularni ijobiy hal etish, har bir muammoga yechim topishga harakat qildi.
Qabul jarayonida jismoniy va yuridik shaxslardan ellikdan ortiq murojaat kelib tushdi. Ulardan 18 tasi joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 16 tasi bo‘yicha malakali huquqiy maslahat va tavsiyalar berildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlarning ijro muddatlari belgilanib, nazoratga olindi.
Qabulda Olmazor va Shayxontohur tumanlari IIO FMB probatsiya xizmati hisobida turgan 9 nafar fuqarolar Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.
Qabuldan so‘ng bosh boshqarma boshlig‘i hamda boshqa mas’ullar Olmazor tumanidagi ichki ishlar organlariga qarashli sport majmuasi va stadion bilan tanishdilar. Sport inshooti kelgusida IIO xodimlarining jismoniy tayyorgarliklarini oshirish, sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaxshi imkoniyat ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Aholi murojaatlari va fuqarolarning ijtimoiy muammolarini o‘rganish hamda ularga yaqindan yordam berish maqsadida o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar bosh boshqarma tomonidan davom ettirilmoqda.