14 Mart 2026 Yil 256

Hashar – tinch elga yarashar

Prezidentimiz tomonidan joriy yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani yurtimizning yanada obod va ko‘rkam bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi. Yurtimizda joriy yilning 13-14 mart kunlari umumxalq hasharining o‘tkazilishi ushbu xayrli ishlarning tizimli davomidir. Ozodalik, sog‘lom turmush tarzi hamda sanitariya-gigiyenik madaniyatni, o‘zaro hamjihatlik va mehnatsevarlikni targ‘ib qiluvchi hashar an’anasi xalqimizni asrlar davomida birlashtirib kelmoqda. Bu yil ham an’ana ko‘tarinki ruhda davom ettirildi.Erta tongdan Toshkent shahar IIBB, hududiy tuzilmalarida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Tadbir davomida ma’muriy binolar hududi va yon-atroflarida obodonlashtirish va tozalash, sanitariya holatini yaxshilash, ko‘cha va yo‘llarni chiqindilardan tozalash ishlari olib borildi. Dov-daraxtlarga shakllar berilib, tevarak-atrof tartibga keltirildi. Qo‘shimcha turli manzarali hamda mevali daraxtlar, gullar ekildi. Hashardan ko‘zlangan maqsad: qo‘shaloq ayyom –muborak Ramazon hayiti hamda yangilanish, pokizalik, mehr-saxovat bayrami bo‘lmish Navro‘z ayyomini munosib kutib olishga qaratildi. Xayrli tadbirda sohaviy xizmat xodimlari faol ishtirok etishib, uyushqoqlik, xalqimizga xos bo‘lgan birdamlik, hamkorlik va pokizalik kabi fazilatlarni namoyish etdilar. Har bir xodim bu xayrli ishlarga o‘z hissalarini qo‘shishdan mamnunlik va ko‘tarinkilik tuyg‘usini his etishdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech