7 Yanvar 2023 Yil 1263

Mulohaza uchun mavzu: ZIMMAMIZDAGI MAS’ULIYAT

O‘smir nega jinoyatga qo‘l uradi? Bunga uning ota-onasi, ta’lim muassasasi, mahalla loqayd munosabatda bo‘lmoqdami?
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatning sodir bo‘lishiga, birinchidan, o‘spirinning o‘zi, uning dunyoqarashi, qiziqishlari, jamiyat va davlatga, yon-atrofidagi kishilar va oilaga munosabati, unda salbiy xususiyatlarning shakllanishi va kuchayishi omil bo‘lsa, ikkinchidan, u tarbiyalangan, voyaga yetgan oilaviy va ijtimoiy muhit katta sabab bo‘lar ekan.
Sergeli tumanida davlat organlari, nodavlat tashkilotlar, uyushmalar va boshqalar bilan o‘zaro hamkorlikda aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilib, keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘quvchilarning darsga muntazam qatnashishi nazoratga olinib, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan har bir huquqbuzarlik va jinoyat chuqur tahlil qilinib, mas’ul rahbarlar, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
– Mamlakatimizda yoshlarning har tomonlama barkamol bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan, – deydi «Iftixor» MFY raisi Akmal Salimov. – Yoshlar jinoyatchiligining oldini olishda ta’lim muassasalari va ichki ishlar organlari hamkorligini yanada mustahkamlash va mas’uliyatni oshirish muhim vazifadir. O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish, yoshlar bandligini ta’minlash bu borada alohida ahamiyat kasb etadi. Shu maqsad mahalla va ta’lim maskanlarida yoshlar ishtirokida turli tadbirlar, uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Biroq bugungi kunda voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning ortib borayotgani ota-onalarning farzand tarbiyasiga e’tiborsizligini ko‘rsatmoqda. Yoshlar o‘rtasida itoatsizlik, ota-onaga quloq solmaslik illati shakllanib bormoqda. Ota-onaning va ta’lim muassasalaridagi o‘qituvchilarning topshirig‘ini bajarmasligi, hatto ularga nisbatan kuch ishlatganligi holatlari ham uchrayotgani g‘oyat achinarlidir.
Farzandni yoshligidan qanday tarbiyalasak, shunday voyaga yetadi. Bunda, albatta, oila, mahalla, jamiyatdagi muhit muhim ahamiyatga ega. O‘zi, oilasi, xalqi, ma’naviy ildizlari haqida yetarli tushunchaga ega bo‘lgan bola hech qachon huquqbuzarlik ko‘chasiga kirmaydi. Bunga erishish uchun jamiyatning har bir a’zosi, har birimiz zimmamizdagi mas’uliyatni chuqur his etishimiz, burchimizni sidqidildan bajarishimiz lozim.
Shahnoza ZARIPOVA,
Sergeli tumani IIOFMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan.

Barcha yangiliklar

Text to speech