Yoshlarni himoya qilsak, kelajagimizni himoya qilamiz
O‘smirlar yoshlarning alohida toifasi bo‘lib, ular himoyaga muhtoj asosiy qatlamlardan biridir, ulardagi o‘tish davri psixologik jihatdan zaif bo‘lib, yosh nihol kabi qayerga bursa, shunga og‘ib ketishga moyil bo‘lishadi. Toshkent shahar IIBB tomonidan taʼlim muassasalari va mahallalarda o‘smirlarni egri yo‘ldan asrash, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tashabbusi bilan manfaatdor idora va tashkilotlar bilan birgalikda poytaxt IIBB huzuridagi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida ichki ishlar bo‘limlarida profilaktik hisobda turuvchi 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun navbatdagi maxsus o‘quv kurslari tashkil etildi. Taʼkidlash joizki, o‘quv kurslari yoshlarning qiziqishi va qobiliyatini hisobga olgan holda rejalashtirilgan. Dasturda bolalarning ota-onalari bilan ham kompleks profilaktik va psixologik ishlarni olib borish ko‘zda tutilgan.
Kurs boshida Markazda manfaatdor idora va tashkilotlar vakillari, bolalar va ularning ota-onalari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda yig‘ilganlarga bir oy muddatda yoshlar mehnat bozorida xaridorgir bo‘lgan mutaxassisliklarni puxta egallashlari haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy sport o‘yinlari va sport turlarini ommalashtirish, o‘g‘il-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, isteʼdodlarini yuzaga chiqarish, qobiliyat va tashabbuslarini rag‘batlantirish maqsadida sport musobaqalari, intellektual o‘yin va musobaqalar o‘tkazilishi belgilandi.Maxsus o‘quv kursining birinchi haftasida bolalar Toshkent shahar IIBB patrul-post xizmati, otliq otryad faoliyati bilan yaqinlash tanishtirildi. Shuningdek oilada g‘amxo‘rlik tuyg‘usini shakllantirish maqsadida ularga malakali oshpazlar o‘smirlarga osh pishirish mahoratidan dars berishdi.