Yurtimizda yoqilg‘i-energiya resurslaridan samarali foydalanish, ularni talon-toroj qilish holatlarining oldini olish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin, afsuski, energiya resurslarini talon-toroj qilish holatlari ko‘plab kuzatilmoqda.
Yoqilg‘i-energiya resurslarini ishlab chiqarishdan boshlab isteʼmolchiga yetkazib berilgunga qadar bo‘lgan jarayonlarni nazorat qilish, qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik va tizimli muammolarni bartaraf etish maqsadida joriy yilning 24 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va «raqamli energonazorat» tizimini joriy etish to‘g‘risida” gi Farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazorati yana-da kuchaytirildi.
Farmon asosida yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika, shuningdek hududiy, tuman (shahar) shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va talon-toroj qilish holatlarining oldini olish va ularga barham berish choralarini ko‘rish, shtablarning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Shuningdek, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab, aholi tomonidan Energetika vazirligining Internet tarmog‘idagi maxsus axborot tizimiga yuborilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Toshkent shahrida elektr, gaz uzatish va taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, yoqilg‘i-energiya resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini o‘rganish natijasida yil boshidan 1 525 ta qonun buzilishi holatlari aniqlandi, shundan 630 tasi tabiiy gazdan foydalanish, 895 ta holat elektr energiyasidan foydalanish bilan bog‘liq. Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida 634 ta maʼmuriy ish, 29 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 101-moddasiga ko‘ra, elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan. Shunday qilmish maʼmuriy jazo qo‘llanganidan so‘ng takroran sodir etilsa yoki ancha, ko‘p, juda ko‘p miqdorlarda sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 185 prim.2-moddasiga ko‘ra jinoyat sifatida malakalanadi.
Biroq, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish orqali talon-toroj qilish bilan bog‘liq harakatlar yuqorida ko‘rsatilgan moddalar bilan malakalanmaydi. Bunday qilmish o‘g‘rilik sifatida malakalanib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.