Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida madaniy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
9 may — Xotira va qadrlash kuni. Ushbu bayram mamlakatimizning barcha hududlarida keng nishonlanadi. “Maʼnaviyat oyligi” doirasida hamda anʼanaga ko‘ra, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ichki ishlar organlari faxriylari, xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning oila aʼzolari, bosh boshqarma shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Vatanga fidoyilik ko‘rsatgan, tinch-osoyishta hayot, yurt farovonligi yo‘lida fido bo‘lgan ota-bobolarimiz qoldirgan ulug‘vor anʼanalarni eʼzozlash har bir insonning burchi ekanligini alohida taʼkidladilar. Tadbir davomida Ichki ishlar organlari faxriylari ham so‘zga chiqib, Ichki ishlar organi xodimi bo‘lish yuksak fidoyilikni talab etishini taʼkidladilar. Yosh xodimlar “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimizdir!” g‘oyasiga amal qilgan holda, zimmalariga yuklangan masʼuliyatni chuqur anglagan holda jamoat xavfsizligini mustahkamlash va jinoyatchilikka qarshi kurashishda yuksak professional mahorat ko‘rsatishiga ishonch bildirdi.
Shuningdek, tadbir doirasida «O‘zarxiv» agentligi bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi Ichki ishlar organlari xodimlariga bag‘ishlangan “Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi – el-yurt xizmatida” fotoko‘rgazmasi tashkil etildi.
Fotoko‘rgazmada poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasining tashkil topish tarixi, mustaqillik yillarida Ichki ishlar organlarining moddiy-texnik taʼminoti takomillashgani, Ichki ishlar organlari xodimlarining turli og‘ir vaziyatlarda ko‘rsatgan jasorati, jinoyatchilikka qarshi kurashishda o‘z qasamyodiga sodiq qolgan holda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lganlarning qahramonliklarini aks ettiruvchi fotosuratlar namoyish etildi. Shuningdek o‘z hayotini xizmatga bag‘ishlagan faxriylarga berilayotgan eʼtibor ham ko‘rsatib o‘tildi.