Toshkent shahar IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida o‘quv seminari o‘tkazildi
Kuni kecha Toshkent shahar IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida o‘quv-seminari tashkil etilib, unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent viloyati IIBB va viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati rahbarlari va mas'ul xodimlari, joylarda faoliyat yurituvchi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari rahbarlari ishtirok etdi. O‘quv seminari voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni oldini olishni samarali tashkil qilish bo‘yicha “Toshkent tajribasi”ni keng tadbiq qilishga qaratilgan.
Tadbir doirasida ishtirokchilar markazda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, muassasa faoliyati haqida ma'lumot oldilar.
O‘quv seminar davomida mehmonlarga Toshkent shahar IIBB rahbariyati tashabbusi bilan Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi negizida ichki ishlar bo‘limida ro‘yxatga olingan 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun o‘quv kurslari tashkil etilganligi haqida gapirib berishdi. Seminar ishtirokchilariga oylik kurslar haqida batafsil ma'lumot berilib, bundan ko‘zlangan maqsad ham o‘smirlarga, ham ularning ota-onalariga psixologik yordam ko‘rsatish, yoshlarning bo‘sh vaqtini foydali tashkil etishdan iboratligi ta'kidlandi.
Shuningdek, ishtirokchilarga Markaz mutaxassislari tomonidan manfaatdor idoralar va ko‘ngillilar bilan birgalikda turli xil darslar, ko‘rik-tanlovlar, sport musobaqalari tashkil etilib, kasbga yo‘naltirish ishlarini olib borilishi haqida ma'lumotga ega bo‘lishdi.
Seminar davomida voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni kamaytirish, jinoyatchilikni oldini olish borasidagi ishlarni takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Bundan tashqari, seminar ishtirokchilari Chilonzor tumani 2-sonli IIB va Uchtepa tumani "Xuroson" mahallasida joylashgan huquq-tartibot maskanida bo‘lib, xodimlarining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbir so‘ngida mehmonlar uchun Toshkent shahar IIBB “Shon-sharaf muzeyi”ga ekskursiya tashkil etildi. Ekskursiya davomida ular Toshkent shahar ichki ishlar organlari bosib o‘tgan sharafli yo‘ldan hikoya qiluvchi ekspozisiyalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.