Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbariyati nomidan va shaxsan o‘zimning nomimdan sizni har birimiz uchun qadrli bo‘lgan bayram – Vatanimiz Mustaqilligining 33 yilligi bilan tabriklayman!
Vatanimiz mustaqilligi va uning xavfsizligining ishonchli kafolati bo‘lgan ichki ishlar organlari, jumladan Toshkent shahar IIBB xodimlari xizmat burchiga sodiq qolib, poytaxtimizda tinch va osoyishta hayotni taʼminlash borasida xalqimizga xizmat qilib kelmoqdalar.
Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, dadil va izchil islohotlarning ustuvor vazifalari va asosiy yo‘nalishlaridan biri – inson qadrini yana-da yuksaltirish, uning huquqlarini har tomonlama va keng taʼminlashdan iborat. Shu maqsadda avvalo bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz hamda kelgusida ham yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini qo‘riqlash, mustaqillik yutuqlarini mustahkamlash yo‘lida astoydil xizmat qilamiz.
“Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz” shiori ostida nishonlanayotgan bu yilgi mustaqillik ayyomi xalqimizga o‘zgacha shukuh baxsh etmoqda. 33-yozgi Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etib, O‘zbekiston bayrog‘ini yuqoriga ko‘targan sportchilarimiz yurtimizning naqadar buyukligini, Yangi O‘zbekiston yoshlari nimalarga qodirligini yana bir bor isbotlab berdi. Ular orasida Toshkent shahar IIBB xodimi Abdumalik Xalakovning borligi IIO xodimlari nafaqat yurt tinchligini saqlashda, balki jahon arenalarida ham yurtimiz shaʼnini himoyalashda oldinda ekanligidan dalolat beradi.
Mustaqilligimizning 33 yillik shodiyonasi arafasida poytaxt IIBB xodimlari yuksak davlat mukofoti bilan taqdirlanganligi ham haqiqiy rag‘bat bo‘ldi. Berilgan mukofotlar soha xodimlari qalbidagi Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat tuyg‘ularini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari hamda xalqimiz ishonchini oqlagan holda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, Vatanimiz poytaxtida jamoat xavfsizligini taʼminlash bilan bog‘liq burchimizni fidokorona ado etishda davom etamiz. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Sizlarga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, xalq va Vatan farovonligi yo‘lidagi xizmatingizda zafarlar tilayman. Yana bir bor bayramingiz muborak bo‘lsin!
Toshkent shahar IIBB boshlig‘i
general-mayor Aziz Tashpulatov