Transport vositasini olib qochish holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Joriy yilning 28 yanvar kuni Sergeli tumani IIO FMBga 38 yoshli Zulfiya U. murojaat qilib, do‘kon yonida qarovsiz qoldirilgan “Kia-Seltos” rusumli avtomashinasini noma’lum shaxs olib qochib ketganligini ma’lum qilgan. Avtoulovni zudlik bilan topish maqsadida, shahar bo‘yicha maxsus reja amalga kiritildi. Toshkent shahar IIBB Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida, avtomashina topilib, gumonlanuvchining shaxsi aniqlandi. U 42 yoshli Javlon Sh. bo‘lib chiqdi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi (Transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda. Hurmatli haydovchilar! Ochiq holda qarovsiz qoldirilgan avtomobil g‘arazgo‘ylar uchun jalb qiluvchi omil hisoblanadi. Transport vositangizdan bir necha daqiqaga uzoqlashishni rejalashtirganingizda ham uni kalit bilan qulflab keting.