Toshkent shahar IIBB xodimlari yoshlarni ogohlikka da'vat etmoqda
Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan keng jamoatchilik o‘rtasida hamda ta'lim maskanlarida huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Shu kabi tadbirlarning navbatdagisi Profi universiteti talabalari bilan tashkil etildi. Unda mutaxassislar kiberjinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish choralari hamda ushbu jinoyat turlarining oqibatlari haqida ma'lumotlar taqdim etishdi. Tadbir ishtirokchilariga ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarlardan ogoh bo‘lishga da'vat etuvchi buklet va flaerlar tarqatildi.
Kibertahdidlardan himoyalanish bo‘yicha davra suhbati O‘zbekiston davlat konservatoriyasida ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda o‘quv muassasasi rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va talabalar, shuningdek Toshkent shahar IIBB mas'ul xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan kiberjinoyatchilar tuzog‘iga tushib qolmaslik, shaxsiy ma'lumotlarni hech kimga bermaslik, bank plastik kartalari bilan bog‘liq ma'lumotlarni begonalarga ma'lum qilmaslik, tavakkalchilikka asoslangan turli xil qimor o‘yinlarida ishtirok etmaslik yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Davra suhbati davomida mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarning savollariga batafsil javob qaytarildi.