8 Aprel 2023 Yil 11417

Shaxsiy qarashlarni majburiy diniy qoida sifatida talqin qilishga yo‘l qo‘yilmaydi

Joriy yilning aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda nomaʼlum shaxsning savdo do‘konlarida sotilayotgan turli yogurt mahsulotlarining hammasi harom ekanligi bois ularni isteʼmol qilmaslik haqidagi fikrlarini aks ettiruvchi videolavha tarqaldi.

Ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida mazkur videolavha muallifi 1997 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan fuqaro N.X. ekanligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tekshiruv davomida N.X. yuqorida keltirilgan videorolik orqali fuqarolarga turli ishlab chiqaruvchi kompaniyalar mahsuloti bo‘lgan yogurtlarning tarkibida “karmin” moddasi mavjudligi sababli ularni isteʼmol qilish mumkin emasligi xususidagi fikrlarini tegishli soha mutaxassislaridan xulosa olmagan holda o‘z tashabbusiga ko‘ra shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda bildirganligini maʼlum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 25-moddasiga asosan har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, shuningdek 27-moddasiga binoan shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqiga ega. O‘zbekiston fuqarolarining yuqoridagi kafolatlariga monelik qilish mumkin emas. Ayniqsa alohida shaxslarning o‘z tashabbusi orqali turli masalalarga diniy tus berish orqali o‘zgalarning shaxsiy hayotga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 35-moddasiga binoan, tadbirkorlik faoliyati subyekti o‘z ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan maʼlumotlarga raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli. Bunday maʼlumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularning tarqatilishi oqibatida yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini va maʼnaviy zarar kompensatsiya qilinishini talab etishga haqli.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi.

Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida N.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-3- (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) va 194-moddalariga (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi tomonidan N.X.ga nisbatan 15 sutka muddatga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

Hurmatli fuqarolar!

Jamiyatda qabul qilingan yurish-turish qoidalarini hurmat qilgan holda, milliy qonunchiligimizga itoatkor bo‘lishga chaqiramiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech