17 May 2023 Yil 1249

Olmazor tumanida "Poytaxt yoshlari giyohvandlikka qarshi! Dolzarb 30 kunlik" doirasida targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi

Olmazor tumani 3-sektor rahbari tashabbusi bilan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Universitetida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida o‘tkazilayotgan "Dolzarb 30 kunlik" oyligi doirasida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. "Poytaxt yoshlari giyohvandlikka qarshi!" mavzusidagi mazkur tadbirda zahri qotil savdosi va iste'molining jamiyatga yetkazayotgan zarari hamda buning ortidan sodir etilayotgan jinoyatlar tahlil etildi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan Olmazor tumani IIO FMB boshlig‘i polkovnik Mahkam Vafoev talabalarni ogohlikka chaqirdi, poytaxt yoshlari giyohvandlikka qarshi murosasiz kurashishlari lozimligini ta'kidladi.

Shuningdek tashkilotchilar tomonidan talabalarga giyohvandlik illatining salbiy oqibatlari, uning natijasida kelib chiqadigan kasalliklar, oila va jamiyat uchun xavfli oqibatlari haqida hayotiy misollar bilan tushuntirildi. Ishtirokchilarga mavzu yuzasidan mediamateriallar namoyish etildi.

Bundan tashqari tuman 3-sektor rahbari “Xonchorbog‘” mahallasida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazdi. O‘tgan qabul davomida 10 nafar fuqaroning moddiy va ijtimoiy yordam, sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammo, muddatli harbiy xizmatga yo‘llanma olish hamda ishga joylashish kabi murojaatlari o‘rganildi. Shundan 4 nafarining muammosi joyida hal etildi. 4 nafar fuqaroga huquqiy tushuntirish berildi. 2 nafarining murojaati bo‘yicha mas'ullarga topshiriq berildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech